20.02.2024
Atrofga nazar solib, koʻpchilik koʻzoynak taqishini koʻrish mumkin. Koʻzoynak taqqan odamlarni koʻrishga shunchalik odatlanganmizki, u boʻlmagan vaqtni tasavvur qilish qiyin. Koʻzi ojiz odamlar bu noqulaylikka amallab koʻnikishlari kerak boʻlgan. Albatta, koʻzoynak qachon ixtiro qilinganini hech kim aniq bilmaydi. 1266-yilda koʻplab qiziqarli tajribalar oʻtkazgan ingliz rohibi Rojer Bekon kitob oʻqishni osonlashtirish uchun harflarni kattalashtirish usulini topgan. U shunchaki kitobga shisha shar boʻlagini qoʻygan! Albatta, bu koʻzoynak kabi yordam bermagan.
Birinchi koʻzoynakni 1352-yilda Italiyada chizilgan kardinal portretida koʻrish mumkin. Unda ikkita ramka ichiga olingan linza va ularni birlashtirgan kashak bor. Bosma kitoblar paydo boʻla boshlagach, koʻzoynaklar koʻpchilik uchun zaruratga aylangan va ulardan foydalanish keng tarqalgan. XVI asrda ular Italiya shimoli va Germaniya janubida koʻp miqdorda ishlab chiqarilgan.
1784-yilda Benjamin Franklin bitta gardishda joylashgan ikki xil turdagi linzadan iborat bifokal koʻzoynakni ixtiro qilgan. Odam yaxshiroq koʻrishiga koʻzoynak qanday yordam berishini tushunish uchun koʻz qanday ishlashini tushunishimiz kerak. Koʻz old tomoni biroz qavariq shar shaklidadir. Bu qavariqlikning markazida qorachiq joylashgan boʻlib, nur undagi teshik orqali koʻzning ichki qorongʻi qismiga kiradi. Yorugʻlik nuri qorachiqning teshigidan koʻz gavhariga oʻtadi. Gavhar yorugʻlikni fokuslab, koʻrinayotgan narsaning tasvirini koʻz soqqasining orqa tomoniga uzatadi. Bu yerda toʻrparda deb ataluvchi yorugʻlikka sezgir hujayralardan iborat darparda mavjud.
Ayrim odamlarda koʻz soqqasi old tomondan orqaga biroz choʻzilgan: boshqalarda esa u ensiz boʻlgani uchun gavhar toʻrpardaga tasvirni aniq fokuslay olmaydi. Koʻzoynak koʻz gavhariga tasvirni toʻrpardaga aniq fokuslashini taʼminlaydigan qoʻshimcha gavhar sifatida yordam beradi va koʻrish yaxshilanadi!
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.