20.02.2024
Soat haqida gapirganda, vaqtni oʻlchash asbobini nazarda tutamiz. Ammo vaqtni hisoblash usullari odamzodga bunday asboblarni ixtiro qilishidan ancha oldin maʼlum boʻlgan. Quyosh chiqishi va botishi vaqtning birinchi koʻrsatkichlari boʻlgan. Tayoq, tosh va daraxt soyasining uzayishi va kamayishi ham vaqtni aniqlashga xizmat qilgan. Yulduzlar harakati ham odamga ulkan soat vazifasini bajargan. U tunning oʻtishiga bogʻliq ravishda turli yulduzlar koʻrinarli boʻlishini payqagan.
Qadimgi misrliklar 12 yulduzning koʻkka koʻtarilishiga mos ravishda tunni oʻn ikki vaqt oraligʻiga boʻlgan. Ular kunni ham xuddi shunday boʻlib, bizning 24 soatlik kunimiz misrliklarning kecha va kunduzni boʻlishiga asoslangan. Shuningdek, ular soyali soat — koʻrsatkichlarga ega yogʻoch boʻlaklari yasagan. Natijada kunni 12 davrga boʻladigan bu soya yoki quyosh soati birinchi soat boʻlgan.
Keyingi turdagi soatlar suv va olov soatlari edi. Kertiklarga ega sham yonganida vaqt undagi yonib oʻtgan kertiklarga qarab hisoblangan. Suv soatida esa tubida kichik teshik ochilgan likopcha suvga qoʻyilgan. Muayyan vaqt oʻtgach, suzib yurgan likopcha suvga toʻlib choʻkkan. Taxminan 2000 yil oldin odam yana bir soat turi — qum soatini ixtiro qilgan. U ikkita ichi boʻsh shisha idishdan iborat boʻlib, ular biridan ikkinchisiga qum quyiladigan shaklda birlashtirilgan. Yuqoridagi idish teshik orqali bir soat ichida ikkinchisiga toʻkiladigan miqdordagi qum bilan toʻldirilgan.
Taxminan miloddan avvalgi 140-yillarda yunon va rimliklar suv soatlarini takomillashtirish uchun tishli gʻildirakdan foydalangan. Idishga jildirab tushayotgan suv oqimi uning ichidagi poʻkakni koʻtargan. U esa tishli gʻildirakka ulangan. Gʻildirak asta-sekin bir soat belgisidan ikkinchisiga oʻtadigan oʻqni aylantirgan. 1400 yildan keyin birinchi mexanik soatlar ixtiro qilingan. Chilvirga bogʻlangan yuk gʻaltakni aylantirgan, u esa oʻz navbatida tishli gʻildiraklarning oʻqlarini harakatga keltirgan. Gʻildiraklar esa siferblatdagi soat milini aylantirgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.