20.02.2024
Kir yuvish mashinalari hammaga maʼlum, ammo koʻpchilik uchun u hali ham hashamatli buyumdir. Kir yuvish mashinalari paydo boʻlishidan avval uydagi kir buyumlar yogʻoch yoki rux bilan qoplangan tunuka vannada yuvilgan. Buning uchun kiyim taram-taram yuvish taxtasiga ishqalangan. Soʻngra ularni siqib, quritish uchun dorga osishgan. Birinchi kir yuvish mashinalaridan birini 1858-yilda Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahridan boʻlgan Gamilton Smit yaratgan. Bu mashina jomashov ichida joylashgan parraklarni aylantiradigan tutqich yordamida boshqarilgan.
Buyumlarni kir yuvish taxtasida yuvishni taqlid qiladigan yana bir kir yuvish mashinasi ham boʻlgan. Ammo bu mashinalar muvaffaqiyat qozonmagan. Undagi kiyim koʻpincha oʻralib, tugun hosil qilgan yoki yirtilgan. 1907-yilda motorli kir yuvish mashinasi ixtiro qilingan. 1912-yilga kelib deyarli barcha uy kir yuvish mashinalari elektr energiyasi bilan ishlagan.
Birinchi kir yuvish mashinalarining baklari yogʻochdan yasalgan. Keyinchalik ularni yasashda metall — mis, ruxlangan poʻlat, alyuminiy va ruxdan foydalanilgan. 1961-yilga kelib, deyarli barcha baklarni chinni emal bilan qoplash boshlangan, chunki bunday mashinalar kuchli kir yuvish kukuni taʼsiri va har qanday suv haroratiga dosh bera olgan.
Aralashtirgich esa 1922-yilda ixtiro qilingan. Ularning aksariyati pastki qismida bir nechta qanotlari boʻlgan konusdan iborat boʻlgan edi. Aralashtirgich kirlarni yuqoridan pastga va bir yondan ikkinchi yonga aralashtirgan. Toʻliq avtomatlashtirilgan kir yuvish mashinasi 1937-yilda paydo boʻlgan. Kir yuvish mashinalarining aksariyati 6–7 kg kir yuvadi. Ular bir yuvishda oʻrtacha 50 litr suv sarf qiladi va uning haroratini 55–60 darajada saqlaydi. Amalda qoʻllangan birinchi quritgich 1930-yilda ishlab chiqarilgan. Suvni siqish funksiyasiga ega kir yuvish mashinasi bozorga birinchi marta 1953-yilda chiqarilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.