20.02.2024
Gʻildirak inson erishgan eng muhim yutuqlardan biridir. Gʻildirak boʻlmagan davrda odamlar ogʻir yuklarni chanaga ortib, ularni oʻzlari sudragan yoki buqalarni qoʻshgan. Birinchi gʻildirak miloddan avvalgi 3500–3000-yillarda Mesopotamiyada (hozirgi Iroqda) yaratilgani maʼlum. Ularning ikki turi boʻlgan: kulolchilik charxi va arava gʻildiragi. Kulolchilik charxi mashina, shkiv, suv charxpalagi, soat mexanizmi tishli gʻildiragi va boshqa mashinalarning ajdodi edi.
Birinchi aravalar oʻzaro oʻq bilan bogʻlangan gʻildiraklarga oʻrnatilgan chanalar boʻlgan. Bunga chanani harakatlantirish uchun uning ostiga gʻo‘lalarni qoʻyish amaliyoti turtki bergan. Chana gʻo‘lalar ustidan oldinga siljigach, ortda qolgan gʻo‘la yana old tomondan qoʻyilgan. Qadimgi gʻildiraklar oʻz oʻqlariga mahkam qotirilgan. Gʻildirak va oʻq bir butunni hosil qilgan. Bunday gʻildiraklarga ega arava burilganda, tashqi tarafda qolgan gʻildirak ichkiga qaraganda koʻproq masofa oʻtadi. Shuning uchun gʻildirak albatta sirpangan yoki charx urgan. Keyingi ixtiro bu — oʻqning faytonning oʻziga biriktirilishi va gʻildiraklarning unda erkin harakatlanishi boʻlib, bu tez va osonroq burilish imkonini bergan.
Birinchi faytonlar dehqon, harbiy, qirol va maʼbudlarning muqaddas aravalari boʻlgan. Dastlabki aravalar ikki oʻqli va toʻrt gʻildirakli boʻlgan. Ammo bu toʻrt gʻildirakli faytonlar noqulay edi. Old va orqa oʻqlar korpusga mahkam qotirilgan. Ikkala oʻq ham harakatlana olmaganligi sababli fayton keskin burila olmagan. 2000 yil oldin faytonga chap va oʻngga burilish imkonini beradigan boshqariladigan old oʻq ixtiro qilingan. Miloddan avvalgi II ming yillikda Janubi-Gʻarbiy Osiyoda kegayli gʻildirak ixtiro qilingan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.