20.02.2024
Agar suv boʻyida yashab, umringizda qayiqni koʻrmagan va u haqida umuman eshitmagan boʻlsangiz, nima qilar edingiz? Katta ehtimol bilan daryodan suzib oʻtish yoki oqim boʻylab suzishni istab, sizni suv yuzasida ushlaydigan biror narsani qidirishni boshlardingiz. Aftidan, ibtidoiy odam ham bir nechta buta yoki daraxt tanasini bir-biriga bogʻlab, tayoq yoki novdadan xoda yoki eshkak sifatida foydalanib, koʻl yoki daryoni suzib oʻtish mumkinligini anglagan. Shu tarzda qayiq yasash gʻoyasi tugʻilgan. Bir-biriga bogʻlangan suzuvchi narsalardan tashkil topgan bunday qayiq sol edi. Ammo u tez harakatlana olmagani va suv bosgani uchun noqulay boʻlgan. Shuning uchun ibtidoiy odam ichini suv bosmaydigan va harakatchan vositani qidira boshlagan. U ichi oʻyilgan gʻo‘ladan qayiq sifatida foydalanishni oʻylab topgan. Unda tez harakatlanish mumkin boʻlib, umuman suv oʻtkazmagan. Ammo bunday qayiqda soldagi kabi koʻp yuk tashish imkoni boʻlmay, kamiga osonlikcha agʻdarilib ketgan.
Ibtidoiy odam “oʻyilgan” qayiqni takomillashtirishga harakat qilgan. Tezligini oshirish uchun qayiqning tumshuq va quyruq qismini yasagan, uning turgʻunligini oshirish uchun yon tomonlariga qavariq shakl berib, tubini tekislagan. Keyin u kilni¹ ixtiro qilib, uzun taxtachalar bilan qayiqning yon tomonlarini koʻtarishga harakat qilgan. Ayni paytda, haligacha solda suzayotganlar ham ularni takomillashtira boshlagan. Ular sol tubiga taxta yotqizib, qulaylik va himoya uchun platforma (bu paluba² ajdodi edi) qurgan. Solning yon, orqa va old tomonlarini ham koʻtarishgan. Natijada, keyinchalik kema yoki tagi yassi qayiq yoxud jonkaga³ (bularning barchasi tagi yassi qayiqlarning turlari) aylangan qayiq paydo boʻlgan.
Vaqt oʻtishi bilan sol va oʻyib yasalgan qayiqlarning oʻxshash tomonlari ortib borgan. Kerakli qayiq turiga koʻra, har birining eng yaxshi xususiyatlarini birlashtirish tabiiydir. Demak, bugungi kunda bizga maʼlum boʻlgan qayiqlar ibtidoiy odamning yuqorida tasvirlangan ikkala gʻoyasining rivojlanishi natijasidir, deb aytishimiz mumkin.
[1] Kil — 1. Dengiz. kemaning tubini mahkam tutib turuvchi uzunasiga joylashgan asosiy balkasi, pushtagi; 2. Av. samolyot yoki dirijablning quyruq qismidagi burilish ruli oʻrnashgan vertikal sirt; 3 zool. Qush va sut emizuvchilarning koʻkrak suyagi.
[2] Paluba — kema sahni.
[3] Jonka — xitoycha yelkanli kema.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.