Dastlabki okean kemalari qanaqa bo‘lgan?

Bugungi kunda okean boʻylab sayohatlarning aksariyati havo orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, okean laynerlari hali ham qatnamoqda. Laynerda transatlantik sayohatlar 1816-yilda boshlangan. Kemalari jadvalga muvofiq qatnagan birinchi kompaniya Nyu-Yorkning “Qora shar” kompaniyasi boʻlib, uning kemalari Nyu-York va Liverpul oʻrtasida harakatlangan. Koʻp oʻtmay boshqa yoʻnalishlar ham paydo boʻla boshlagan. Birinchi laynerlar yelkanlar ostida harakatlangan. Ular pochta kemalari deb atalgan, chunki ular pochta tashigan va yoʻlovchilarni ham olgan. Kemalar unchalik qulay boʻlmagan: birinchi toifa yoʻlovchilari kichik kayutalarda¹, to‘rtinchi toifa yoʻlovchilarining esa umuman kayutasi boʻlmagan. Ular paluba ostidagi tor va past boʻlmalardagi noqulay toʻshaklarda uxlagan. Baʼzi kema yoʻnalishlarida toʻrtinchi toifa yoʻlovchilari oʻzlari bilan oziq-ovqat olib yurishlari kerak boʻlgan. Har bir yoʻlovchi kemaga chiqishga ruxsat olishi uchun oʻz mahsulotlarini koʻrsatishi lozim boʻlgan.

Talab qilinadigan oziq-ovqat zaxirasi koʻp miqdordagi pechenye, un, kartoshka, choy, shakar, qiyom, ikki boʻlak son goʻshti, qalay qozoncha, tova, krujka, choynak, pichoq, vilka va qoshiqdan iborat boʻlgan. Boshqa yoʻlovchilarni sut va oziq-ovqat bilan taʼminlash uchun koʻpchilik pochta kemalarida sigir va parranda saqlangan. Atlantika okeanini kesib oʻtgan birinchi paroxod² Amerikaning “Savanna” kemasi edi.

1819-yilda u Jorjiya shtatining Savanna shahridan Liverpulga 29 kun ichida yetib kelgan. “Savanna” deyarli butun yoʻlni yelkanlar ostida bosib oʻtgan va faqat shamol pasaygandagina bugʻ qozonlaridan foydalangan. Dengizchilar bugʻ kuchiga ishonmagani uchun birinchi paroxodlarning barchasida yelkanlar oʻz joyida qoldirilgan. Ular okeanning oʻrtasida bugʻ dvigateli ishdan chiqishi yoki toʻsatdan yoqilgʻi yetmay qolishidan qoʻrqqan. Eng mashhur paroxodlardan biri eshkak parrak va vintlarga ega boʻlgan. Bu “Sharqning buyuk vakili” paroxodi edi. Uzunligi 210 metr va eni 25 metrga teng bu paroxod 40 yil davomida dunyodagi eng katta kema hisoblangan.


¹Kayuta — kemada: ayrim xona, boʻlma.

²Paroxod — bugʻ mashinasi yoki bugʻ turbinasi harakatlantiradigan oʻziyurar kema.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!