20.02.2024
Dastlab mamlakat harbiy dengiz floti tarkibiga barcha kemalar, shu jumladan, harbiy, savdo va baliq ovlash kemalari kirganini bilasizmi? Hozirgi vaqtda “flot” soʻzi jangovar kemalar hamda jangovar harakatlarni olib borishga yordam beradigan kemalarni anglatadi. Birinchi flotlar qabila yoki shaharning qurollangan odamlari dushmanga qarshi kurashish va oʻz hududlarini dengizdan himoya qilish uchun barcha kemalarini dengizga chiqarganda paydo boʻlgan. Odatda ular baliq ovlash yoki savdo kemalari boʻlgan.
Keyinchalik dengiz janglari uchun maxsus moslashtirilgan kemalar qurilgan. Qadimgi yunon va rimliklar davrida yumaloq savdo kemalari oʻrniga katta tezlikka erisha oladigan uzaytirilgan kemalar qurilgan. Miloddan avvalgi 483-yilda forslarning Afinaga hujum qilish tahdidi kuchayganda, yunonlar oʻz flotini 50 tadan 100 tagacha uzaytirilgan kemaga ko‘paytirgan. Miloddan avvalgi V asrning oxiriga kelib, bu flot 300 taga, keyinroq esa hatto 360 taga koʻpayib, haqiqiy dengiz flotiga aylangan! Tinchlik davrida bu harbiy kemalar stapellarda¹ turgan yoki koʻrfazlardagi pana joylarga yashirilgan.
Eng qadimgi harbiy kemalar koʻp eshkakli galeralar boʻlib, ularning har birida koʻp sonli eshkak eshuvchilar boʻlishi talab etilgan. Bu ulkan eshkakli galeralar boshqa kemalarni taran ² yoki dushman kemalarini abordaj³ qilish uchun ishlatilgan. Qadimgi yunon va rim flotining tuzilishi zamonaviy flot bilan juda koʻp oʻxshashliklarga ega. Yunonlarda kapitan, yelkanlar boʻyicha mutaxassis, koʻplab kichik zobitlar, dengizchilar va eshkak eshuvchilar, shuningdek, jangda qatnashadigan askar va dengizchilar boʻlgan.
Rimliklarda esa har doim “klassiklar” deb atalgan askarlar guruhi boʻlib, ular dengiz flotida xizmat qilish uchun maxsus yozuvga ega boʻlgan. Albatta, bugungi kunda flot oʻnlab turdagi kema va ularni taʼminlash tizimini oʻz ichiga olgan juda murakkab tuzilmadir.
[1] Stapel — kemalar quriladigan, taʼmir qilinadigan va suvga tushiriladigan qiya supa.
[2] Taran — 1 tarix. qadimda qalʼani buzish uchun ishlatilgan uchli yogʻoch qurol; 2. Toʻg’ridan zarba berib yoki urib teshish, yoriq qilish, yorish; 3 harb. Jangovar uslub sifatida oʻz kemasi, tanki yoki samolyotini dushman kemasi, samolyoti yoki tankiga urib zarba berish.
[3] Abordaj — eshkakli va yelkanli kemalar davrida: dushman kemalari yonma-yon kelganda jangchilarning kemadan kemaga oʻtib jang qilishi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.