Odamlar qachon suv ostini o‘rganishni boshlagan?

Ehtimol, suvning ostida yegulik narsa qidirgan odam birinchi suvosti tadqiqotchisi boʻlsa kerak. Odamzod yuz minglab yillar oldin baliq ovlashni bilgan. Bu qadimgi baliqchilar Afrikadagi koʻllar boʻyida yashagan. Ular baliqqa tashlanib, uni qoʻllari bilan tutgan. Bu odamlarni suzishni oʻrganishga majbur qilgan. Keyinchalik suzuvchilar nafas olmay shoʻngʻishni oʻrgangan. Birinchi shoʻngʻishlar koʻl va dengiz qirgʻoqlari yaqinida, chuqur va suv toza boʻlgan joyda amalga oshirilgan. Asta-sekin gʻavvoslar suvga yanada chuqurroq tushishni oʻzlashtirgan. Ular suv ostidan turli xil qiziqarli va foydali narsalarni topib, olib chiqqan. Bular ham isteʼmolga yaroqli mollyuskalar, ham bezak sifatida ishlatilgan yoki sotilgan chiroyli rangli marjon va chigʻanoqlar boʻlgan. Hatto 4000 yil oldin ham hindular Peru qirgʻoqlari yaqinida chuqur shoʻngʻib, suvdan eng sevimli taomlaridan biri boʻlgan ikki pallali mollyuskalarni olib chiqqan.

Shu bilan birga, ming yillar oldin odamlar dunyoning boshqa tarafida Fors koʻrfazi tubidan ustritsa olib chiqqan, ammo bu isteʼmol uchun qilinmagan. Gʻavvoslarga ustritsa chigʻanogʻi ichidagi yumshoq tanasida joylashgan marvaridlar kerak boʻlgan. Marvaridlar xuddi hozirgidek bezaklar uchun ishlatilgan. Baʼzan qadimgi yunon va turklar zamonaviy gʻavvoslikning ajdodlari deb ataladi. Ular ikki ming yildan koʻproq vaqt oldin Egey dengizida oʻpka faoliyati boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazishni boshlagan va ular oʻrgangan narsalar hali ham muhim. Ular shoʻngʻishdan oldin oʻpkaga qancha koʻp havo olinsa, shunchalik uzoq vaqt suv ostida qolish mumkinligini aniqlagan.

Oxir-oqibat, keyinchalik kimdadir gʻavvos suv pufagi deb atalgan moslamada oʻzi bilan qoʻshimcha havo olib tushishi kerak degan fikr tugʻilgan. Pufak echki, qoʻy yoki choʻchqa terisidan yasalgan. Keyin u suv oʻtkazmasligi uchun yogʻ bilan moylangan. Bitta teshikdan tashqari hammasi mahkam tikilgan. Gʻavvos bu meshni puflab shishirgan va unga suv ostida ushlab turadigan ogʻir tosh bogʻlab pastga tushgan. Shu tarzda u bir qancha vaqt suv ostida ishlay olgan va kerak boʻlganda meshdagi havodan nafas olgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!