Suzish qanday paydo bo‘lgan?

Inson tabiatan koʻplab hayvonlar singari suzish qobiliyatiga ega emas. Tabiiyki, odamzod instinktiga tayanib suzayotgan hayvonlarni kuzatish orqali suzishni oʻrganishi kerak edi. Birinchi odam ogʻir sharoitlarda omon qolish uchun suzishni oʻrganishga majbur boʻlgan. U oʻzlashtirgan suzishning birinchi usuli “kuchukcha uslubi” deb ataladi, yaʼni itning suzishiga taqlid qilinadi. Ammo keyinchalik odam unga qoʻl va oyoqlar harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, suv yuzasida uzoq vaqt qolish imkoniyatini beradigan suzish usulini topishni istagan. Natijada bundan 2 000 yil oldin brass nomi bilan maʼlum yangi suzish turini oʻzlashtirgan. Bu turdan hali ham koʻpchilik tomonidan ochiq, notinch suvda uzoq masofani bosib oʻtish uchun foydalaniladi.

Odam oʻrgangan suzishning keyingi turi — yonbosh suzish. Unda oyoqlar harakati qaychi usulida siltanadi. Keyinchalik odam quloch otib suzishni oʻrgangan. Bu uslub katta tezlikda suzish imkonini bergan. Suzishning navbatdagi uslubi 1783-yilda uni oʻylab topgan ingliz Jon Trejen nomi bilan “trejen” deb ataladi. Bu uslub galma-gal amalga oshiriladigan quloch otish va “qaychi” usulidagi oyoq zarbalaridan iborat. Jon Trejen bu uslubdan foydalangan holda suzish boʻyicha koʻplab rekordlarni oʻrnatgan va koʻpchilik bu usulni qabul qilgan.

Navbatdagi uslub bu — “krol”. U emaklashga juda oʻxshagani uchun shunday nomlangan. Bu uslub mahalliy aholi tomonidan Avstraliyada keng qoʻllangan va buni oʻrgangan Richard Kavill tomonidan 1902-yilda Angliyaga olib kelingan. Dastlab u “Avstraliya kroli” deb atalgan. Odamlar bu uslubda suzib shu qadar koʻp rekord oʻrnatganki, krol barcha suzish uslublari orasida eng tezkori deb topilgan. Suzish qadimgi Yunoniston va Rimda juda qadrlangan hamda jangchilar tayyorgarlik mashgʻulotlarining bir qismi sifatida koʻrilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!