Koptokni kim ixtiro qilgan?

Koptok oʻynashni kim birinchi boʻlib boshlaganini hech kim bilmaydi, ammo bu tarixdan ilgarigi davrlarda boʻlgan. Ibtidoiy davrlardan to hozirgi kungacha boʻlgan har bir sivilizatsiya har xil toʻplardan foydalangan holda oʻyin oʻynagan. Qadimgi xalqlarning biri koptokni qamishdan toʻqigan, boshqasi esa oʻyin uchun qush pati bilan toʻldirilgan teridan foydalangan. Keyinchalik yunon va rimliklarda havodan foydalanish fikri tugʻilgan. “Follis” deb nomlangan havo damlangan charm toʻp uloqtirish va ilib olish uchun ishlatilgan. Shuningdek, ular futbolning bir turi yoki toʻp oyoq bilan tepiladigan boshqa oʻyinlar uchun katta oʻlchamdagi toʻplarni puflab shishirgan. Toʻplar oʻsha mamlakatda koʻp uchragan turli xil materiallardan tayyorlangan.

Masalan, Shimoliy Amerika hindulari ovchi boʻlgani uchun ular kiyik terisidan yasalgan toʻp bilan o‘ynagan. Yapon bolalari oʻyinlarida chilvir bilan oʻralgan zichlangan matodan yasalgan koptokdan foydalangan. Aytishlaricha, Kolumb Markaziy Amerikada kauchukdan yasalgan qattiq toʻp bilan oʻynayotgan hindularni uchratgan. U oʻzi bilan bu toʻplardan bir nechtasini Yevropaga olib ketgan va shu tariqa yevropaliklarni sakraydigan rezina toʻplar bilan tanishtirgan. Toʻp bilan oʻynaladigan koʻpgina zamonaviy oʻyinlar diniy yoki ilohiy marosimlar sifatida paydo boʻlgan.

Koʻpincha koptok bilan oʻynaladigan oʻyinlar urush, maʼbudlar, shayton, hayot va oʻlim haqidagi eski tushunchalarga asoslangan boʻlgan. Misrliklar marosimlarga bagʻishlangan toʻpli oʻyinlar oʻtkazgan birinchi odamlar boʻlgan. Har bahorda ikkita katta guruh oʻz maʼbudlari tomonidan musobaqada qatnashgan. Oʻyinda yumaloq yogʻoch koptok va egri tayoqdan foydalanilgan. Maqsad koptokni qarama-qarshi jamoaning darvozasiga kiritish boʻlgan. Koʻproq batartib va qatʼiyatli harakat qilgan jamoa oʻz maʼbudi sharafiga gʻalaba qozongan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!