20.02.2024
Milliy madhiya bu — mamlakatga alohida hurmatning belgisi sifatida rasmiy tadbirlarda kuylanadigan yoki ijro etiladigan vatanparvarlik qoʻshigʻi. Milliy madhiya va vatanparvarlik qoʻshiqlari odamlarni umumiy umid va oliy maqsadlar uchun birlashtirishga xizmat qiladi. Koʻplab milliy madhiyalarning kelib chiqishi nomaʼlum. Koʻp hollarda, madhiya uchun tanlangan kuy unga vatanparvarlik soʻzlari yozilishidan oldin xalq qoʻshigʻi sifatida mashhur boʻlgan. Milliy madhiyalar uchun faqat oz sonli kuylargina maxsus bastalangan.
Eng mashhuri G‘arbiy Germaniya madhiyasi boʻlib, u dastlab Avstriya uchun buyuk bastakor Frans Iosif Gaydn tomonidan bastalangan. Bir nechta eski milliy madhiya va vatanparvarlik qoʻshiqlarining kuyi bir xil, ammo turli matnlarga ega. Ularning baʼzilari qarama-qarshi qoʻshinlar tomonidan bitta jangning oʻzida harbiy qoʻshiqlar sifatida kuylangan. Britaniya madhiyasi boʻlgan “Tangrim, qirolichani asra” Daniya, Germaniya, Rossiya, Shveysariya va dunyoning ingliz tilida soʻzlashadigan barcha mamlakatlarida vatanparvarlik qoʻshiqlari uchun kuyga aylangan. Qoʻshma Shtatlarda “Amerika” qoʻshigʻining soʻzlari ham xuddi shu kuyda ijro etiladi. “Tangrim, qirolichani asra” kuyi birinchi marta 1619-yilda yangragan. U ingliz bastakori Jon Bull tomonidan yozilgan boʻlib, davlat madhiyasining birinchi ommaviy taqdimoti 1745-yilning 28-sentabrida boʻlib oʻtgan.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining milliy madhiyasi 1812-yilgi urush paytida bastalangan. Mak-Genri Fortiga hujum qilgan ingliz kemalarining birida baltimorlik advokat Frensis Skott Key boʻlgan. Key butun kecha davomida hujumni kuzatgan. Tong otganda qalʼa ustida hilpirayotgan Amerika bayrogʻini koʻrganda u shunchalik hayajonlanganki, konvertning orqa tomoniga “Yulduzli bayroq” soʻzlarini bitgan. Bu soʻzlarga mos kuy haqida oʻylar ekan, uning xayoliga “Koʻkdagi Kanakreonuga” deb ataladigan eski ingliz qoʻshigʻi kelgan.
Fransuzlar milliy madhiyasi — “Marselyeza” Buyuk fransuz inqilobi (1789–1815) davridagi harbiy qoʻshiq boʻlgan. Uning matni va musiqasi fransuz armiyasining kapitani Klod-Jozef Roj de Lill tomonidan yozilgan. “Marselyeza” Fransiyaning rasmiy milliy madhiyasi sifatida 1795-yilning iyul oyida tasdiqlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.