20.02.2024
Vashingtondagi Kapitoliy binosida Amerika Qoʻshma Shtatlari kongressi qonunlarni muhokama qilib, qabul qiladi. Shuningdek, Kapitoliy prezident inauguratsiyasi (davlat rahbari vazifasini bajarishga tantanali ravishda kirishish jarayoni) joyidir. Bu chuqur taassurot qoldiradigan ulkan bino Vashington ufqida qad koʻtarib turadi. Kapitoliydan boshlangan keng koʻchalar katta gʻildirakning kegaylari singari radius boʻylab atrofga tarqaladi.
Kapitoliy poydevorining birinchi toshi 1793-yilda Jorj Vashington tomonidan qoʻyilgan.
Binoning Virjiniyadan olib kelingan qumtoshdan barpo etilgan asosiy qismi 1793-yildan 1827-yilgacha qurilgan. Uning senat va vakillar palatasi joylashgan “qanot”lari 1851-yildan 1865-yilgacha Massachusets shtatidan keltirilgan oq marmardan bino qilingan. Kapitoliyning 86 metr balandlikka koʻtarilgan poʻlat gumbazini Ozodlik haykali bezab turadi. Amerikalik haykaltarosh Tomas Krouford tomonidan yaratilgan bu haykal gumbazga 1862-yilda fuqarolar urushi paytida oʻrnatilgan. Uning oʻrnatilishini Avraam Linkoln nazorat qilgan va bu voqea 35 ta zambarakdan otilgan bayramona salyut bilan eʼlon qilingan. Gumbaz poydevorini oʻrab turgan 36 ta ustun gumbaz qurilgan paytda ittifoq tarkibidagi shtatlar ramzi boʻlgan.
Kapitoliy bir necha bor qayta qurilgan. U 1812-yildagi urushda inglizlar tomonidan yoqib yuborilgan. Yongʻin tomning asl yogʻoch tomi, interyerning katta qismi va koʻplab marmar ustunlarni yakson qilgan. 1961-yilda Kapitoliyning Sharqiy fasadi rekonstruksiya qilingan. AQSh prezidenti inauguratsiya kunida aynan Sharqiy fasad pillapoyalarida qasamyod qiladi. Kapitoliy yonida Oliy sud va Kongress kutubxonasi joylashgan. Oq marmardan barpo etilgan sud binosi qonunning ahamiyati va halolligini anglatadi. Bu yerda mamlakat Oliy sudi joylashgan boʻlib, unda mamlakat oliy sudining toʻqqiz sudyasi uchrashib, kengash oʻtkazadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.