Odamzod chekishni qachon boshlagan?
Tamaki chekish tarixi haqida ma'lumot.
2 min
Tarix

Tamaki yetishtirish va chekishni birinchi boʻlib Shimoliy va Janubiy Amerika hindulari boshlagan. Xristofor Kolumb va boshqa kashshoflar Amerika tuprogʻiga kelganida, mahalliy aholi tamakini turli xil ehtiyojlari uchun ishlatishini koʻrgan. Masalan, ular oʻzaro munosabatlarda totuvlik borligini koʻrsatish uchun trubka chekishgan. Shuningdek, hindlar tamaki shifobaxsh xususiyatlarga ega deb hisoblab, uni oʻzlarini kasalliklardan himoya qilish uchun chekishgan.

Tamaki o‘sha davrlarda shifobaxsh oʻsimlik deb hisoblangani uchun Yevropaga birinchi marta XVI asrda olib kelingan. Chekish trubkasi Yevropada Virjiniyaning birinchi gubernatori Ralf Leyn tufayli paydo boʻlgan. U 1586-yilda hindular trubkasini ser Uolter Reyliga olib kelib, undan qanday foydalanishni oʻrgatgan.

1619-yilga kelib Londonda shunchalik koʻp trubka ishlab chiqarilganki, ularni ishlab chiqargan hunarmandlar uyushmalarga birlashgan. Hozirgi kunda tamakining katta qismi sigareta shaklida isteʼmol qilinadi. Sigareta chekish ham uzoq tarixga ega. Gʻarbiy Hindiston va Meksika aholisi sigareta chekishiga ispaniyalik kashshoflar guvoh boʻlgan.

Gʻarbiy Hindistonda tamaki yupqa palma poʻstlogʻiga oʻralgan, Meksikada esa bu maqsadda makkajoʻxori barglaridan foydalanilgan. Sigareta uchun qogʻozni birinchi boʻlib ispanlar ishlatgan. Sigareta chekish Oʻrta va Qora dengizlarga tutash mamlakatlarga, ayniqsa, turklar hukmronligi ostida boʻlgan joylarga tarqalgan. 1854–1856-yillarda Qrimda jang qilgan ingliz armiyasi turk sigaretalarini kashf qilgan va Londonga olib kelgan. Bir necha yil oʻtgach, Londonda birinchi sigareta fabrikasi ochilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!