20.02.2024
Biror kishining dardi yengillashishiga yordam bergan birinchi odamni ilk shifokor deb atash mumkin. Masalan, birovning barmogʻidagi zirapchani olib tashlagan kishi shifokor bajaradigan ishni qiladi. Ibtidoiy odamlar afsungarlik deb atashimiz mumkin boʻlgan tibbiyotdan foydalangan. Ular afsun, qoʻshiq yoki oʻt, barglarning damlamalaridan foydalangan. Ular tasodifan olov tafti yelka payi choʻzilishi natijasidagi ogʻriqni yengillashtirishini, oʻtlardan tayyorlangan iliq ichimlik esa oshqozon ogʻrigʻiga yordam berishini kashf qilgan.
Ibtidoiy xalqlarning aksariyati bugungi kunda ham suyak chiqishini shu tarzda oʻrniga soladi, singan suyakka shina qoʻyadi, tinchlantiruvchi xususiyatga ega yoki uxlatuvchi oʻsimliklardan foydalanadi. Shifokorlar dastlabki sivilizatsiyalardayoq paydo boʻlgan. Bobilliklar turli xil kasalliklar tushunarli tavsiflangan koʻplab tibbiy kitoblar qoldirganki, shifokorlar bugungi kunda ham ular orqali dardlarni aniqlay oladi.
Qadimgi misrliklar tibbiy davolashni qoʻllab, bemorlarga tarkibida giyohvand moddalar boʻlgan tabletka, malham va dorilarni bergan. Ular hatto tananing tashqi aʼzolarida jarrohlik amaliyotini ham oʻtkazgan. Eskulap ismli kishi yunon tarixidagi ilk shifokordir. U asosan sehr-afsunga tayangan tibbiyotdan foydalangan. Ammo asta-sekin haqiqiy tibbiyot rivojlana boshlagan.
Taxminan miloddan avvalgi 400-yillarda yashagan Gippokrat ismli kishi tibbiyotni afsun va xurofotdan xalos qilish maqsadida juda ham koʻp ish qilgani uchun uni “Tibbiyotning otasi” deb atashdi. U oʻz kitoblarida shifokor bemorni diqqatli va sinchkovlik bilan tekshirishi kerakligini oʻrgatgan. U bezarar davolashni qoʻllashi va tabiiy tiklanishni qoʻllab-quvvatlashga harakat qilishi kerak. Shifokor hech qachon bemorga zarar yetkazmasligi lozim. U tibbiy sirni saqlashi lozim. Shuningdek, Gippokrat koʻplab kasalliklarni aniqlab, ularni tasvirlab bergan.
Uning ayrim tibbiy xulosalari 2 ming yildan oldin boʻlgani kabi bugungi kunda ham dolzarbdir. Demak, uni dunyodagi birinchi shifokor deb atash toʻgʻri.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.