20.02.2024
Insulindan diabet deb ataladigan kasallikni davolashda foydalaniladi. Kishi bu kasallikka chalinganida, uning tanasidagi baʼzi bir buzilishlar energiya uchun zarur boʻlgan kraxmal va shakar ishlab chiqarilishining toʻxtashiga olib keladi. Oshqozonosti bezi deb ataladigan katta bez tana kraxmal va shakarni qayta ishlashi uchun zarur boʻlgan, insulin deb nomlanuvchi moddani ishlab chiqaradi. Diabetga chalingan odamda yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarilmaydi yoki ishlab chiqarilgan insulinning hammasi ham ishlatilmaydi. Agar bu kasallik davolanmasa, odam tashnalikdan aziyat chekadi, vazn yoʻqotadi, oʻzini bemador his qiladi, hushidan ketishi va hatto oʻlishi ham mumkin.
Hozirgi paytda sanoat insulinni yetarli miqdorda ishlab chiqarayotgani uchun diabet bilan ogʻrigan odamlar bundan xalos boʻlgan. Diabetga chalinganlar uni kunlik inyeksiya orqali qabul qilishi mumkin. Ular fabrikalarda ishlab chiqarilgan insulin yordamida va parhezga rioya qilgan holda normal hayot kechira oladi. Shifokorlar diabetdan aziyat chekkan odamlar tanasidagi shakarni sarf qila olmasligini uzoq vaqtdan beri bilar edi. Muammo diabetga chalinganlarni insulin bilan qanday taʼminlashda edi. Olimlar buning uchun diabetga chalinganlarga sogʻlom hayvonlarning oshqozonosti bezidan olingan insulinni berish kifoya deb hisoblardi. Ammo ularning hech biri insulinni chiqarib ololmadi.
Buni ilk bor 1891-yilda Ontario provinsiyasidagi Alliston yaqinida tugʻilgan kanadalik shifokor va olim Frederik Grant Banting uddaladi. U xuddi shu viloyatdagi London shahrida dars bergan va bir kuni kechqurun oshqozonosti bezi haqidagi maʼruzaga tayyorgarlik koʻrayotganda, toʻsatdan insulinni qanday olish mumkinligini anglagan. U Toronto universitetiga borib, katta laboratoriya direktori boʻlgan professor Jon Makleoddan yordam soʻragan. Makleod unga laboratoriyadan bir necha hafta foydalanishiga ruxsat bergan.
Banting 1921-yilning may oyida yosh bitiruvchi Charlz Best yordamida ishga kirishgan. Ular kecha-yu kunduz ishlab, bir necha haftadan keyin itning oshqozonosti bezidan birinchi insulinni olishga muvaffaq boʻlgan. 1922-yil yanvariga kelib, koʻplab sinovlardan soʻng ular diabetga chalingan va oʻlim toʻshagida yotgan yigitga insulin bergan. Bemor tezda sogʻaya boshlagan. Insulin olgan boshqa bemorlarning ahvoli ham yaxshilangan. Shu tariqa tibbiyot tarixida muhim qadam tashlangan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.