Birinchi o‘t o‘chirish brigadasi qachon paydo bo‘lgan?
2 min
Tarix

Odamod olov doʻst va yordamchi boʻlishi, ammo shu bilan birga katta kulfatlar ham olib kelishi mumkinligini doim bilgan. Lekin ibtidoiy odam biz kabi olovga qarshi kurashish muammosiga duch kelmagan, chunki u bir joyda toʻplangan uylarda, boshqacha qilib aytganda, qishloq, katta va kichik shaharlarda yashamagan. Ammo odamlar katta jamoalarda birgalikda yashay boshlaganida, ularda olovga qarshi kurashish muammosi paydo boʻlgan. Shu sababli oʻt oʻchirish brigadalari davrimizdan ancha oldin tashkil etilgan. Ular dunyoning koʻplab shaharlarida mavjud boʻlgan.

Qadimgi rimliklarda shaharlarni himoya qilish uchun oʻt oʻchirish brigadalari boʻlgan va yongʻinlarni oʻchirishda qullardan foydalanilgan. Aytgancha, rimliklar yongʻinlarni oʻchirish uchun birinchi uzluksiz suv oqimli vositalarni ixtiro qilgan. Rim oʻt oʻchiruvchilari bolta, chelak, narvon va changaklardan foydalangan. Oʻrta asrlarda oʻt oʻchiruvchi brigadalar ayrim joylarda tashkil etilgan, ammo bu unchalik samarali boʻlmagan.

Bizga oʻt oʻchiruvchilar Angliyada paydo boʻlgani maʼlum. Buning sababi shundaki, yongʻindan sugʻurta qilish kompaniyalari tashkil etilgan va ular, albatta, yongʻin oqibatidagi yoʻqotishlarni kamaytirishdan manfaatdor boʻlib, yongʻin tarqalishining oldini olishga intilgan. Bu muammoni hal etish uchun London rasmiylari hech bir ish qilmagani sababli sugʻurta kompaniyalari oʻzining yongʻin brigadalarini tashkil etgan. Birinchi bunday brigada, chamasi, 1722-yilda tashkil etilgan, keyinchalik esa boshqalari ham paydo boʻlgan. Bu sugʻurta kompaniyalari oʻzi sugʻurta qilgan binolarga maxsus yongʻin belgilarini oʻrnatib, boshqa uylar haqida unchalik tashvishlanmagan.

1833-yilda ilk bor London shahrining uyushgan yongʻin tizimi tashkil etilgan. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida boʻlgani kabi Qoʻshma Shtatlarning katta va kichik shaharlarida ham mahalliy hokimiyat tomonidan oʻt oʻchirish jamoalari tashkil etilishiga qadar, aholining oʻzi koʻngilli oʻt oʻchirish brigadasini tashkil qilgan. Aslida, yongʻinga qarshi kurash haligacha asosan koʻngillilar tomonidan olib borilmoqda. AQShda taxminan 1 million nafar oʻt oʻchiruvchi boʻlib, ularning har oʻntadan bittasi bu ishi uchun maosh oladi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!