Kasaba uyushmalari qanday paydo bo‘lgan?

Qadimgi Yunoniston va Rimda barcha asosiy ishlarni qullar bajargan. Buning uchun ularga oziq-ovqat va boshpana berilgan. Oʻrta asrlarda krepostnoy dehqonlar oʻz xoʻjayinlari — feodal mulk egalari qoʻlida ularning himoyasi va homiyligi evaziga ishlashga majbur boʻlgan. Savdoning rivojlanishi bilan feodal mulklar emas, balki shaharlar ishchi kuchi toʻplanadigan joyga aylangan. Savdogar va hunarmandlar hunarmandchilikning turlariga koʻra kasaba uyushmalari yoki gildiyalarga birlashgan. Hunarmandlar va ularning shogirdlari uyda yoki kichik ustaxonalarda ishlagan, ammo bir nechta ishchilar birgalikda ishlaydigan fabrikalar ham paydo boʻla boshlagan.

XVIII asrning oxiriga kelib, sanoat inqilobi boshlanishi bilan katta oʻzgarishlar yuz bergan. Alohida ishchilarga qaraganda tezroq va koʻproq mahsulot ishlab chiqarishga qodir turli xil mashinalar paydo boʻlgan va takomillashtirilgan. Mashina va dastgohlarni joylashtirish uchun fabrikalar qurila boshlangan. Qoʻl mehnatiga asoslangan kichik ustaxonalar asta-sekin yoʻq boʻlgan. Ishchilar fabrika egalariga oʻz mehnatlari uchun maosh oladigan ishga yollanishga majbur boʻlgan. Ishchilar muammoga duch kelganda, ularning haq-huquqlarini himoya qiluvchi yoʻq edi. Birinchi ingliz to‘quv fabrikalarida ish sharoitlari dahshatli boʻlgan. Shuning uchun ishchilar kasaba uyushmalariga birlasha boshlagan. Ular birgalikda harakat qilgan taqdirda, muammolarining adolatli hal qilinishi uchun koʻproq imkoniyatga ega boʻlishlarini his qilgan. Kasaba uyushmalari dastlab shaharlarda malakali ishchilar klublari sifatida tashkil etilgan. 1868-yilda Manchesterda ishchilarning birinchi yirik tashkiloti — Professional kasaba uyushmalari kongressi tashkil etilgan.

Qoʻshma Shtatlardagi birinchi professional uyushma 1792-yilda Filadelfiyaning 8 nafar etikdoʻzi tomonidan tashkil etilgan. Ammo u bir yildan kam faoliyat yuritgan. XIX asrning dastlabki yillarida umumshahar professional uyushmalar paydo boʻla boshlagan va 1828-yilda Filadelfiyada tashkil etilgan mexaniklar ittifoqi uyushmasi ularning birinchisi boʻlgan. Kasaba uyushmalarining birinchi milliy mehnat federatsiyasi 1866-yilda tashkil etilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!