To‘qimachilik uzoq vaqtdan beri mavjudmi?

Toʻqimachilik — mato toʻqish uchun iplarni oʻzaro oʻrish usuli. Asrlar davomida toʻqish tartibi oʻzgarmadi. Zamonaviy toʻqimachilik fabrikalari ibtidoiy odamlar qoʻlda asta-sekin qilgan ishlarni mashinalarda tezda bajaradi. Ibtidoiy odam toʻqishni taxminan 30 000 yil oldin oʻrgangan. U savat toʻqish uchun poxol, qamish poyalari yoki boshqa materiallardan foydalangan. Baliq ovlash uchun toʻr va tuzoqlar toʻqishni ham inson tarixdan ilgarigi davrda oʻrgangan. Qadimgi odamlar oʻylab topolmagan narsa — yigirilgan iplardan yumshoq matolar toʻqish boʻlgan.

Chamasi, toʻqish gʻoyasi turli joylarda paydo boʻlgan va keyinchalik butun dunyoga tarqalgan. Tarixda qayd etilgan eng qadimgi toʻqilgan materiallar Yaqin Sharqda taxminan miloddan avvalgi 5000-yillarda, Misrda — miloddan avvalgi 4000-yillarda, Markaziy Yevropada — miloddan avvalgi 2500-yillarda, Xitoyda — miloddan avvalgi 1200-yil va Janubiy Amerikaning Peru sohillarida miloddan avvalgi 1500-yillarda boʻlgan.

Toʻqish uchun turfa xil tolalardan foydalanish turli joylarda mavjud boʻlgan narsalarga koʻra rivojlangan. Jundan taxminan miloddan avvalgi 1600-yilda, birinchi marta qoʻy xonakilashtirilganda foydalanilgan. Paxta birinchi boʻlib Hindistonda ishlatilgan, u yerdan tezda Osiyoga va nihoyat Yevropaga ham kirib borgan. Ipak tolalari ilk bor Xitoyda qoʻllana boshlangan. Dunyoning narigi tomonida, qadimgi Peruda mato ishlab chiqarish uchun asosiy material paxta, lama va alpaka¹ yungi boʻlgan. Odamzod har doim rangli matoni yoqtirgani sababli qadimgi peruliklar matolarni boʻyash uchun 150 dan ortiq turli xil rang va tuslarni olish usullarini topgani qiziq.

Albatta, bugungi kunda toʻqish fabrikalarda mashinalar tomonidan amalga oshiriladi. Ammo koʻp hollarda gilam va gobelenlarni ² toʻqish hali ham mohir rassomlarning qoʻllari bilan amalga oshiriladi.


[1] Alpaka — Janubiy Amerikaning baland togʻ kamarida yetishtiriladigan hayvon.
[2] Gobelen — devor, deraza va eshiklarga osiladigan bezakli gilam yoki gazlama.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!