Birinchi sopol buyum qachon yasalgan?

Loyga har qanday shakl berish mumkin. Bir necha kundan keyin loy qurib, qotadi. Quritilgan yoki pishirilgan loyning strukturasi oʻzgaradi. Pishirilgan loydan yasalgan buyumlar keramika, keramik idishlar esa sopol buyumlar deb ataladi. Birinchi sopol buyumlar taxminan 10 ming yil oldin yasalgan. Saqlanadigan don savatdagi teshiklar orqali toʻkilmasligi uchun ularning ichki tomoniga loy chaplangan. Ehtimol, bir kuni bunday savatlardan biri gulxanga tushib ketgan. Qamish yonib ketgan va birinchi sopol buyum hosil boʻlgan.

Sopol buyumlarning uch xil — sopol idish, keramik va chinni buyumlar turi mavjud. Sopol buyumlarining eng oddiy turi boʻlgan sopol idishlar loydan yasalib, pishiriladi. U gʻovak boʻlib, sekinlik bilan suv oʻtkazadi. Vaqt oʻtishi bilan odamlar baʼzi toshlarni shishaga oʻxshash tarzda eritish mumkinligini payqagan. Toshlarni maydalab, loyga aralashtirishgan. Bunday loydan yasalgan sopol buyumlar keramika deb ataladi. Keramika mahsulotlari suv oʻtkazmaydi va ulardan olovda ovqat pishirishda foydalanish mumkin.

Tan sulolasi davrida (618–906) xitoyliklar boshqa turdagi sopol buyumlar ishlab chiqarishni boshlagan. Ular maydalangan toshlar bilan aralashtirilgan maxsus oq loydan yasalgan. Chinni deb ataladigan bunday sopol buyumlar pechlarda temirni eritish uchun yetarli haroratda pishirilgan. Chinni buyumlar yarim shaffof (ular orqali yorugʻlikni ko‘rish mumkin) va mustahkam boʻlgan. Taxminan miloddan avvalgi 3300-yillarda kulolchilik charxi ishlatila boshlangan. Kulol loy boʻlagini charx markaziga qoʻygan. Charx aylanayotganda kulol loyga barmoqlari bilan unga kerakli shaklni bergan. Charxda yasalgan xumchalar har doim yumaloq shaklda chiqqan.

Barcha qadimiy sivilizatsiyalar — Misr, Fors, Mesopotamiya xalqlari chiroyli kulolchilik buyumlarini yasagan. Misrliklar koʻplab rangdagi sir qoplamalardan foydalangan. Forslar oʻzlarining sopol buyumlarini miloddan avvalgi 4000-yillarda boʻyashni boshlagan. Qadimgi yunon va rimliklar ham loydan katta vazalar yasagan. Ammo qadimda eng chiroyli sopol buyumlar xitoyliklar tomonidan ishlab chiqarilgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!