Birinchi rasmlarni kim chizgan?

Yer yuzidagi birinchi rassomlar gʻorda yashagan ibtidoiy odamlar boʻlgan. Fransiyaning janubi va Ispaniyadagi gʻorlar devorlarida miloddan avvalgi 30 000-yildan 20 000-yilga qadar chizilgan hayvonlarning rangli suratlari topilgan. Gʻorlar koʻp asrlar davomida nomaʼlum boʻlgani uchun bu rasmlarning aksariyati hayratomuz darajada yaxshi saqlanib qolgan. Qadimgi odamlar atrofida koʻrgan yovvoyi hayvonlarning rasmini chizgan. Afrika va Sharqiy Ispaniyada rasm solish texnikasi unchalik yetuk boʻlmagan, ammo gavda holati jonli chizilgan inson shakllari topilgan.

Ibtidoiy rassomlar gʻor devorlarini turli xil yorqin ranglar bilan boʻyagan. Boʻyoqlar sifatida tuproq oxrasi¹ (temirning yorqin sariqdan toʻq sariq ranggacha boʻlgan turli xil rangdagi oksidi) va marganes (metall) ishlatilgan. Ular kukun holigacha maydalanib, yogʻ hamda hayvon moyi bilan aralashtirilgan va qandaydir choʻtkaga oʻxshash narsa bilan surtilgan. Baʼzan maydalangan kukun va choʻchqa yogʻi aralashmasidan hosil qilingan boʻyoqlar bilan yogʻoch tayoqchalar ichi toʻldirilib, “rangli qalamlar”ga oʻxshash narsa yasalgan.

Gʻor odamlari devorda chizishi uchun hayvonlarning juni yoki oʻsimlik tolalaridan choʻtkalar va oʻtkir charxlangan kremniy kesgichlar yasashi kerak boʻlgan. Dastlabki sivilizatsiyalardan biri Misrda paydo boʻlgan va oʻsha paytda rasmlar solgan rassomlar boʻlgan. Koʻplab sanʼat asarlari piramida va firʼavnlar hamda boshqa nufuzli odamlarning qabrlarini bezash uchun yaratilgan. Rassomlar maqbaralar devorida inson hayotidagi sahnalarni abadiylashtirgan. Buning uchun akvarel va belila² lardan foydalanishgan.

Yana bir qadimiy sivilizatsiya — Egey sivilizatsiyasida ham rasm sanʼati salmoqli darajadagi rivojlanishga erishgan. Ularning rassomlari erkin va nafis uslubda ishlab, dengiz hayoti, hayvonlar, gullar, sport oʻyinlarini tasvirlagan. Ular rasmlarini nam suvoqqa solgan. Hozirgi vaqtda biz bu oʻzgacha rasm solish turini freskalar deb ataymiz. Koʻrib turganingizdek, rasm chizish insoniyat sivilizatsiyasining dastlabki yillariga borib taqaladi.


¹Oxra —  sariq yoki qizil tusli mineral boʻyoq.

²Belila — oq mineral boʻyoq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!