Birinchi haykal qachon yaratilgan?

Ehtimol, haykaltaroshlik eng qadimgi sanʼat boʻlsa kerak. Odamlar toshdan biror narsa yoʻnib yasashni rasm solish yoki hatto uy qurishdan oldin boshlagan. Ming yillar oldingi haykaltaroshlikni oydinlashtirib beradigan juda oz sonli buyumlar saqlanib qolgan. Ammo bugungi kunda rivojlanishning ibtidoiy bosqichida yashayotgan odamlar koʻpincha toshdan tarixdan ilgarigi haykaltaroshlik haqida tasavvur beradigan narsalarni yoʻnib yasaydi. Tarixdan ilgarigi haykalning chiroyli boʻlishi shart boʻlmagan. U har doim marosimlarda foydalanish uchun moʻljallangan. Erkak, ayol va hayvonlarning shakllari yovuz yoki yaxshi ruhlar sifatida sigʻiniladigan tabiat kuchlari sharafiga yasalgan. Dastlabki sivilizatsiyalar ham oʻz eʼtiqodlarini ifodalash uchun haykaldan foydalangan.

Oʻlimdan keyingi hayotga ishongan qadimgi misrliklar toshdan oʻzlarining hukmdor, zodagon va maʼbudlarining haqiqiy oʻlchamdagi yoki undan kattaroq haykallarini yoʻnib yasagan. Haykallar qabrlarga joylashtirilgan va misrliklar marhumning ruhi unga qaytishiga ishongan. Haykaltaroshlik tarixidagi eng buyuk davrlardan biri yunon sivilizatsiyasi paydo boʻlishi bilan — taxminan miloddan avvalgi 600-yilda boshlangan.

Haykaltaroshlik yunonlar uchun ifodalashning eng muhim shakllaridan biriga aylangan. Ular inson tanasini oʻz sanʼatining asosiy obyektiga aylantirgan. Buning uchun yunon haykaltaroshlari har doim inson qaddi-qomatini tasvirlashning eng yaxshi usullarini izlagan. Xristianlikning birinchi ming yilligida haykallar juda kam yaratilgan. Ammo keyingi uch asr davomida betakror xristian cherkovlari qurilgan va haykallarning aksariyati bu cherkovlarni bezash uchun yaratilgan. Keyinchalik Uygʻonish davrida inson qaddi-qomati yana ulugʻlangan va buyuk haykaltaroshlar jahon madaniyati xazinasini tashkil etuvchi durdonalarni yaratgan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!