20.02.2024
Orkestr bu — har xil turdagi cholgʻu asboblarini chaladigan musiqachilarning katta guruhi. Standart orkestr 75–100 ijrochidan iborat boʻladi. Ularning yarmidan koʻpi orkestr asosini tashkil etuvchi torli musiqa asboblarini chaladi. Qolganlari yogʻoch va mis puflab chalinadigan, urib chalinadigan musiqa asboblarida ijro etadi. Bu turdagi orkestr simfonik deb ataladi.
15 nafardan 30 nafargacha ijrochidan iborat orkestr kamer orkestri deb ataladi. U juda kichik boʻlib, kichik zal yoki “xonada” ijro etishi mumkin. Torli cholgʻu orkestri simfonik orkestrning faqat torli asboblaridan iborat boʻladi.
Zamonaviy orkestr yuzlab yillar davomida rivojlanib kelgan. Koʻplab tajriba va oʻzgarishlar amalga oshirilgan, koʻplab bastakorlar orkestr shaklini takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshgan. Orkestr uchun kuy bastalagan birinchi mashhur muallif italiyalik Klaudio Monteverdi (1567–1643) boʻlgan. Shuningdek, u birinchi buyuk opera bastakori ham hisoblanadi. U oʻz asarlaridan birida skripka, gitara, klavesin, organ, karnay, trombon va fleytada kuy ijro etadigan 35 musiqachidan iborat orkestrdan foydalangan. XVII asrda skripka takomillashtirilgach, torli asboblar orkestrning yetakchi cholgʻu asboblariga aylangan.
Buyuk fransuz opera bastakori Ramo (1683–1764) orkestrda klarnetlardan¹ foydalangan birinchi bastakorlardan biridir. Shuningdek, u doimo fagot² va rojoklardan³ foydalangan. Yevropa boʻylab sayohat qilgan turk orkestrlari musiqachilarni bir nechta yangi urib chalinadigan asboblar bilan tanishtirgan. Bular bas ovozli doʻmbiralar, uchburchak shakldagi simtor, simbal⁴ va boshqalar.
Koʻrib turganimizdek, orkestr bastakorlar foydalanishi mumkin boʻlgan cholgʻu asboblari soni va turiga koʻra oʻsib, oʻzgarib borgan. Bastakorlar esa orkestrlarga yangi tovush va ohanglarni ijro etish imkoniyatini beradigan musiqa bastalagan.
¹Klarnet — surnayga oʻxshash musiqa asbobi.
² Fagot — yogʻochdan yasalgan surnaysimon musiqa asbobi.
³ Rojok — ichi shox shaklida kengayib boruvchi naychasimon asbob.
⁴Simbal — changsimon cholgʻu asbobi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.