20.02.2024
Simfonik orkestr tarkibidagi yuzdan ortiq musiqachilarning 30 dan ortigʻi skripkachilar ekanini bilarmidingiz? Skripka ohangining goʻzalligi va tovushlar ifodasining keng diapazoni boshqa asboblarga qaraganda yaxshiroq deb hisoblanadi. Skripka koʻp asrlar davomida rivojlangan. Uning tarixi Hindistonda boshlangan. Aynan shu yerda torli cholgʻu asboblarini chalish uchun birinchi marta kamon ishlatilgan. Oʻrta asrlarda esa Yevropada kamondan turli xil asboblarni chalishda foydalanilgan.
Ulardan biri katta ehtimol bilan Yevropaga X asrda olib kelingan viola¹ boʻlgan. Skripka singari viola ham ijrochining yelkasiga qoʻyilgan. Keyinchalik viola eski uch torli skripka (rebeka) taʼsirida oʻzgarishga uchragan. Bu Ispaniya orqali Yevropaning qolgan qismiga ham kirib kelgan arab cholgʻu asbobi boʻlgan. Uch torli skripkaning (rebeka) ingichka quloqlari (musiqa asboblaridagi torlarni tortish va sozlash moslamasi) bilan viola nafis korpusining birlashuvidan yangi asboblar guruhi paydo boʻlgan.
Skripka zamonaviy koʻrinishini 1550–1600-yillarda olgan va biz bilgan shakldagi birinchi asbobni kim yaratganini aniq ayta olmaymiz. Eng yaxshi skripkalar XVII va XVIII asrlarda yaratilgan. Italiyada skripka yasovchi mashhur oilalar boʻlgan. Har birining o‘z sirlari boʻlib, ular otadan oʻgʻillariga oʻtgan. Kremona shahridagi Amati oilasi noyob ohangdor va nafis tovushga ega skripkalarni yasagan.
Uzoq vaqt davomida hech kim skripkalarni ulardan yaxshiroq yasay olmaydi, deb hisoblangan. Ammo Nikolo Amatining Antonio Stradivari ismli tengi yoʻq shogirdi boʻlgan. Uni ustalar ustasi deb atashgan va u yuqori konsert xususiyatlari bilan ajralib turadigan skripka yasagan. U asbobning tovushini inson ovozi ohangiga yaqinlashtirishga muvaffaq boʻlgan. Aytishlaricha, Stradivari 1116 ta musiqa asbobi yasagan va ulardan 540 tasi hali ham mavjud. Ular har birining narxi katta qiymatga baholanadi va mislsiz sanʼat asari hisoblanadi. 1784–1840-yillarda yashagan Nikolo Paganini barcha davrlarning tengi yoʻq skripkachisi hisoblanadi.
¹Viola — skripkasimon musiqa asbobi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.