Balet qachon paydo bo‘lgan?

Balet nima? Bu oʻzida bir nechta narsa — raqs, dekoratsiya va musiqani birlashtirgan teatr tomoshasining bir turi. Ayrim baletlar syujetga ega, boshqalari esa shunchaki gʻoya yoki kayfiyatni aks etadi. Baletni tomosha qilayotganda, inson tanasi eng nafis va uygʻun holatlarda boʻlishini koʻrish mumkin. Bularning barchasi namoyish vaqtida tabiiy va chiroyli koʻrinishi uchun raqqoslarning uzoq va mashaqqatli mashgʻulotlar olib borishini talab qiladi.

Balet taxminan 500 yoshda. U Kolumb Amerikani kashf etgan davrda Italiyada paydo boʻlgan. Ammo u bugungi baletdan butunlay farq qilgan. U vaqtda balet saroy koʻngilxushligining bir turi boʻlgan. Italiyalik zodagonlar oʻzlari va mehmonlarini oʻzida raqs, musiqa, pantomima, sheʼriyat va dramani birlashtirgan namoyishlar bilan xushnud etgan. Shunday qilib, professional raqqoslar boʻlmagan va birinchi balet raqqoslari qirol oilasi aʼzolari va zodagonlar boʻlgan. Raqs pa¹lari oʻsha paytdagi juda oddiy, ammo nafis saroy raqslaridan olingan boʻlib, raqqoslar raqs poyabzalidan foydalanmagan. Biroq Fransiyada qirol Genrix III hukmronligi boshlanishiga qadar bunday raqslar balet deb atalmagan.

1581-yilda qirolicha Yekaterina Medichi qirol toʻyi munosabati bilan katta bayram tashkillashtirishni buyurgan. Yuzlab raqqos, qoʻshiqchi va aktyorlar ishtirokidagi juda qiziqarli balet namoyish etilgan. U italiyalik musiqachi Bojuol tomonidan sahnalashtirilgan. Ehtimol, u birinchi xoreograf yoki raqs sahnalashtiruvchisi boʻlsa kerak. Bojuol oʻz asarini “Qirollik komik baleti” deb atagan va oʻsha vaqtdan beri bunday tomoshalar balet deb ataladi. Balet guruhidagi yetakchi raqqosa prima-balerina deb nomlanadi. 1681-yilda raqsga tushgan Lafonten birinchi prima-balerina hisoblanadi. Keyinchalik turli odamlar baletga oʻzgartirish va takomillashtirishlar kiritgan.


¹Pa — baletda keng qo‘llaniladigan xoreografiya atamasi, raqsda alohida ritmik harakatni anglatadi.  

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!