Hayot nima?

Ehtimol, bu odamni oʻylantirgan eng muhim savollardan va u to‘qnashgan eng katta sirlardan biri boʻlsa kerak. Olimlar barcha tirik mavjudotlar protoplazma deb ataladigan moddadan iborat ekanini aniqladi. Ular protoplazmaning kimyoviy formulasini chiqarishi, turli element va birikmalarning molekulalarini olishi, ularni birlashtirib, protoplazmaga oʻxshash materiallarni yaratishi mumkin. Ammo hosil boʻlgan narsa jonli boʻlmaydi. Insonning qoʻlidan keladigan narsa — qayerda yashashidan qat’i nazar, yerdagi har xil oʻlcham va turdagi tirik mavjudotlarni oʻrganish va ularda umumiy boʻlgan narsalarni topishdir. Keyin bu umumiy xususiyatlar hayotni belgilashini aytishimiz mumkin.

Keling, bu umumiy xususiyatlar nima ekanini koʻrib chiqaylik. Barcha tirik organizmlarning oʻsish imkoniyati boʻlishi kerak. Ular muayyan oʻlcham va shakllarga qadar oʻsadi. Mushukcha mushukka aylanadi, choʻchqayongʻoq eman daraxti boʻlgunga qadar oʻsadi. Ayrim tirik mavjudotlar oʻsib, toʻliq voyaga yetishi uchun biroz vaqt kerak boʻlsa, sekvoya uchun ming yillar lozim. Ammo barcha tirik mavjudotlar oʻsadi. Barcha organizmlar oʻz qismlarini tiklashi va almashtirishi mumkin. Dengiz qisqichbaqasining yoʻqotilgan changali oʻrnida yangisi oʻsib chiqadi, odamning terisi yoki suyaklari tiklanadi, daraxt yangi barglar chiqaradi.

Faqat tirik mavjudotlargagina tegishli boʻlgan yana bir xususiyat bu — koʻpayish qobiliyati. Agar bu boʻlmaganida, tirik mavjudotlar qarib, oʻlib ketishi tufayli yer yuzidan yoʻqolib ketar edi. Hayvon, baliq, qush, hasharot, oʻsimliklar — barchasi nasl qoldiradi. Tirik mavjudotlar atrof-muhitga moslasha oladi. Inson miyasi va ongi tufayli buni boshqa tirik mavjudotlarga qaraganda yaxshiroq bajara oladi. Ammo oʻsimliklar bunga faqat cheklangan darajada qodir.

Tirik organizmlar ogohlantirishlarga ham javob berishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, agar tashqi tomondan biror narsa ularga ta’sir qilsa, ular bunga munosabat bildirishlari mumkin. Oziq-ovqatni hidlaganimizda, biz undan taʼsirlanamiz, gullar esa faqat yorugʻlik tomon oʻsadi. Albatta, aytilganlarning barchasi hayot nimani anglatishiga toʻliq javob bermaydi, lekin umuman olganda, “jonli” deb hisoblash mumkin boʻlgan narsalarning xususiyatlarini tavsiflab beradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!