20.02.2024
Har bir organizm — u xoh oʻsimlik, baliq, hayvon yoki odam boʻlsin, ota-onasi bilan oʻxshashliklarga ega, ammo shunga qaramay ulardan farq ham qiladi. Masalan, bolalar ota-onasining biriga yoki ikkinchisiga oʻxshashi mumkin, lekin odatda har birining ayrim xususiyatlariga ega boʻladi. Gap shundaki, ota-ona bolasiga maʼlum xususiyatlarni beradi, bola esa ularni “meros” qilib oladi. Demak, irsiyat bu — naslning ota-onasi bilan oʻxshashlikni qanday olishini oʻrganish. Irsiyat birligi “gen” deb ataladi.
Genlar ham sperma, ham tuxum hujayralarining yadrosida topilgan katta molekulalardir. Har bir hujayra yadrosi ichida uzun, ingichka spiral yoki iplar mavjud. Ular xromosomalar deb ataladi va genlar tashiydi. Xromosomalar juft boʻlgani sababli ularning genlari ham juftdir. Hujayra xromosomalarida yuz minglab juft gen boʻlishi mumkin. Har bir gen juftligi tananing soch rangi, burun shakli, tana oʻlchami kabi bir yoki bir nechta belgilarni boshqaradi.
Irsiyatning koʻplab qonunlari mavjud va bu jarayon maʼlum yoʻnalishlarda sodir boʻlishini anglatadi. Masalan, meros qilib olingan har bir belgi oddiy omilga bogʻliq va har bir omil oʻzini mustaqil tutadi. Baʼzi belgilarning ota-onadan qabul qilib olingani, bu boshqa har qanday xususiyat ham muqarrar ravishda oʻtishini anglatmaydi.
Boshqacha qilib aytganda, omil yoki genlar bir-biriga bogʻliq emas. Baʼzi genlar dominant, boshqalari esa retsessiv belgilarga ega. Masalan, sochlarning jingalak boʻlishini belgilaydigan genlar tekis soch genlaridan ustunlik qiladi. Ikkala ota-onaning ham sochi jingalak boʻlsa, odatda bolasining ham sochlari jingalak boʻladi. Ammo har bir ota-ona retsessiv tekis soch geniga ega boʻlsa, ayrim bolalarining sochi tekis ham boʻlishi mumkin. Olimlar insonning koʻz, soch va teri rangi kabi belgilarini oʻrgangan, shuning uchun ular odatda oilaning bir necha avlodi haqidagi maʼlumotlarga tayanib bunday belgilar qanday oʻtishini aytishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.