Miya ma’lumotni qanday saqlaydi?

Maʼlumotni saqlash bu — xotira, yodlash esa oʻrganish bilan chambarchas bogʻliqdir. Psixologlar anchadan beri odamlar qanday eslashi va nima uchun oʻrgangan koʻp narsalarini unutishini izohlashga harakat qilgan. Lekin hali hech kim bu savollarga javob topa olmadi. Bir nazariyaga koʻra, odam biror narsani oʻrganganida, baʼzi jismoniy oʻzgarishlar yuz beradi. Miyada maʼlum bir iz qoladi. Shunga koʻra, xotira yoki izlar miyani tark etishi, shunchaki vaqt oʻtishi bilan soʻnishi mumkin. Muayyan hodisaga boʻlgan munosabatingiz ham uni eslab qolishingizga yoki qolmasligingizga taʼsir qiladi.

Umuman olganda, odamlar koʻngilsiz yoki qaygʻuli narsalarni unutib, yoqimli narsalarni eslab qolishga moyildir. Miya turli xil vazifalarni yodlab qolishi mumkin. Yuqori darajada rivojlangan miya yanada murakkab vazifalarni yodlab qola oladi. Eng oddiy miyani oʻrganish qobiliyati juda soddadir. Odam eng katta aqliy qobiliyatlarga ega. Ammo miya biz xotira deb ataydigan maʼlumotni qanday tarzda va qayerda saqlaydi? Yuqorida aytganimizdek, olimlar hali buni toʻliq izohlab bera olmaydi.

Inson miyasi tuzilishi jihatidan juda murakkab. Inson miyasi qobigʻi bu — bosh miya katta qismining ilon izi, burishgan, chigal yuzasi. Bu sohalarga kuchsiz elektr toki bilan taʼsir qilinganda, odam olgan bilimlarini eslagan. Bu stimullar miyani oʻtmishda unda saqlangan bilimlarni qayta tiklashga majbur qilgan. Maʼlumki, miya ayrim hududlarining shikastlanishi xotirani yoʻqotishiga olib keladi. Ammo bu miyadagi aynan maʼlumot saqlanadigan joy ekanini bilmaymiz. Shuningdek, biz ma’lumot qanday tarzda saqlanishini ham bilmaymiz.

Baʼzi olimlar maʼlumotni saqlash kimyoviy jarayon, yaʼni ayrim nerv hujayralari kimyoviy kodlangan maʼlumotlarni saqlaydi deb hisoblaydi. Boshqa olimlarning fikriga koʻra, xotira asab tuzilishidagi ayrim doimiy oʻzgarishlarning natijasidir. Shunday qilib, xotira haligacha biz uchun jumboq!

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!