Qo‘rquv nevrozi nima?

Balandlikdan yoki yopiq joylarda qolishdan qoʻrqadigan odamlarni bilasizmi? Olomondan yoki boshqalar ularga teginishidan qoʻrqadigan odamlar ham bor. Bunday xatti-harakatlarning nomi — qoʻrquv nevrozi¹ reaksiyasi va biz bunday odamda qoʻrquv nevrozi yoki fobiya bor deymiz. Bunday odamlarga nimadir boʻlganmi? Ular kasalmi? Yoʻq, lekin ular qandaydir bir asab buzilishidan aziyat chekadi. Oʻtmishda nimadir ularni juda qoʻrqitgan yoki koʻnglini parishon qilgan. Biz jismoniy ogʻriqdan xalos boʻlishga harakat qilganimiz kabi bu kishilar ham ushbu asab buzilishlari (uni hissiy ogʻriq deb atash mumkin) bilan kurashishga intiladi.

Hammamiz hissiy buzilishlardan taʼsirlanamiz, yaʼni yigʻlaymiz, qizaramiz, terlaymiz. Ammo bu hissiy stressni kuchliroq his qiladigan va qarshilik kuchi zaifroq boʻlgan ayrim odamlar bu stresslarga gʻayrioddiy tarzda javob beradi. Bunday holat nevrotik reaksiya deb ataladi. U baʼzi narsalar — balandlik yoki yopiq joylardan qoʻrqish kabi koʻrinishlarda namoyon boʻladigan fobiyaga, qoʻrquv nevroziga aylanishi mumkin. Qizigʻi shundaki, fobiya oldini olish oson boʻlgan holatlar tufayli yuzaga keladi.

Darhaqiqat, hech kim odamlarni baland joyga chiqishga yoki yopiq joyda yolgʻiz qolishga majburlamaydi. Kishi bunday joylarni qanchalik koʻp chetlab oʻtsa, u oʻzini shunchalik yaxshi his qiladi. Ammo nega odamlarda, masalan, balandlikdan qoʻrqish hissi paydo boʻladi? Gap shundaki, bunday odam boshqa narsadan ham qoʻrqadi yoki bolaligida biror narsadan qoʻrqqan. Bu u sevgan va bir vaqtning oʻzida qoʻrqqan otasi boʻlishi mumkin, lekin otasidan qoʻrqishini xayoliga ham keltirmagan. Shuning uchun unda otasining qiyofasi bilan bogʻliq holda balandlikdan qoʻrqish hissi paydo boʻlgan. Bularning barchasi juda qiyin masaladek koʻrinadi, shunday emasmi? Ammo tirik odam va uning xatti-harakatlari — juda murakkab masala.


¹Nevroz — markaziy nerv tizimining buzilishi natijasida yuzaga keladigan va ichki aʼzolar faoliyatini susaytiradigan kasallik

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!