20.02.2024
Agar bu savol oʻrganish mumkin boʻlgan formula kabi oddiy javobga ega boʻlganida, har bir qiziqchi buni bilgan boʻlardi. Ammo kulish murakkab jarayon boʻlib, hozirgi kunda uni tushuntira oladigan eng yaxshi izoh shunchaki nazariyadir. Albatta, biz kulgi koʻplab his-tuygʻularning ifodasi va bu faqat odamlarga xos ekanini bilamiz. Psixologlar haligacha bu masalaning ikkita asosiy tomoni — odamlarni nima kuldirishini oʻrganmoqda.
Kulgining vazifasi yoki maqsadi nima? Odamlarni nima kuldirishi yoki odamlar nimani kulgili deb bilishi haqida oʻylashni boshlaganingizda, siz psixolog yoki faylasuf kabi fikr yuritasiz. Siz odamlarning turli vaziyatlarga tushgandagi reaksiyasi bilan qiziqishni boshlaysiz. Masalan, nega odamlar boshqa kishining besoʻnaqayligi, ayrim lapashangligi yoki nomukammalligini koʻrganda kuladi? Kulgining mavjud bir izohiga koʻra, biz toʻsatdan odatda mos kelmaydigan narsalarning nomuvofiqligini sezamiz. Masalan, kichkina shlyapa kiygan barvasta semiz erkak yoki baland boʻyli ayol bilan raqsga tushayotgan juda past boʻyli erkak bunga misoldir. Ammo bu nazariya kulgining boshqa koʻplab sabablarini tushuntira olmaydi. Masalan, biz komikslarni tomosha qilib yoki qiziqchilarning chiqishlarini tinglab kulamiz.
Bu nega sodir boʻladi? Jismoniy nuqtayi nazardan, kulgi biz uchun foydalidir. Bu oʻpkamiz uchun yaxshi profilaktika, ortiqcha energiyamizni chiqarish uchun yupanchiqdir. Shuningdek, kulgi katta ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Biz odatda biror guruhda boʻlganimizda kulamiz. Bu nazariyaga koʻra, kulgi ijtimoiy guruhlar tomonidan odamlarning xatti-harakatlariga fikr bildirish uchun foydalaniladi va bu odamlarni oʻz standartlariga muvofiq harakat qilishga yoʻnaltirish maqsadida ishlatiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.