Bola gapirishni qanday o‘rganadi?

Bola aytadigan birinchi soʻz nima? Javobni hamma biladi — “ona”! Bu biz uchun juda oddiy narsa boʻlib tuyuladi, shunday emasmi? Ammo aslida bu koʻplab rivojlanish bosqichlarini talab qiladigan juda murakkab jarayondir. Axir, yer yuzidagi boshqa hech bir tirik mavjudot buni bajara olmaydi! Keling, bu jarayonni bosqichma-bosqich koʻrib chiqaylik. Yangi tugʻilgan chaqaloqning miyasi toza qogʻozga oʻxshaydi. Unda hech narsa boʻlmaydi. Miyaning hissiy taassurotlarni qabul qiladigan hududlarida hali hech narsa boʻlmaydi. Koʻzlar va miya orasidagi nervlar hali rivojlanmagani uchun bolaning koʻzlari ochiq boʻlsa ham, miya hech narsani qayd etmaydi. Bir-ikki oy ichida bu nervlar rivojlanadi va bola onasini “koʻra” boshlaydi.

Ayni obyektni qayta-qayta koʻrishi natijasida miyadagi koʻrish xotira markazlari rivojlanadi. Onaning siymosi chaqaloqning xotira markazlarida qayd etiladi. Shu tarzda bola onasini “taniydi”. Ona buni payqagach, “ona” deb oʻzini koʻrsatadi. Avvaliga bola eshita olmaydi, lekin keyinchalik eshitish nervlari rivojlanadi va u “ona” soʻzini eshitadi. Takrorlashlar tufayli bu tovush bolaning eshitish xotirasida shakllanadi. Kichkintoy “ona” soʻzini eslab qoladi va “tushunadi”. Endi ona bolani gapirishga oʻrgatishi kerak. U “ona” soʻzini qayta-qayta takrorlab, bunga erishadi. Miyada koʻrish markazlaridagi ona siymosi va eshitish markazlaridagi “ona” soʻzlari birlashadi. Bu assotsiatsiya¹ deb ataladi.

Endi chaqaloq nafaqat onasining yuzini taniydi, balki uni koʻrganida “ona” soʻzi haqida ham oʻylaydi. U onasini taniydi. Keyin bola onasiga taqlid qila boshlaydi. U avval soʻzni aytmasdan, uni ifodalay boshlaydi. Bola onasini koʻrganda, soʻzni aytish uchun qilingan koʻp urinishlardan soʻng, ovoz paylarini harakatga keltirishi mumkin. Nihoyat u: “Ona!” soʻzini talaffuz qiladi va oʻz mehnatidan faxrlangan ona: “Kichkintoyim gapira boshladi!”, — deb ayta oladi.


¹assotsiatsiya — tasavvur, his-tuygʻu, fikr va shu kabilarning bir-birini eslatadigan oʻzaro bogʻlanishi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!