20.02.2024
Kishining ovoz turi asosan uning ovoz paychalariga bogʻliqdir. Ovoz paychalari elastik tolalardan iborat. Ularni juda yaxshi skripka torlari bilan taqqoslash mumkin. Ovoz paychalari taranglashishi yoki boʻshashishi mumkin. Bundan tashqari, ular 170 xil holatdan birini olishi mumkin. Nafas bilan chiqarilayotgan havo oqimi ovoz paychalariga urilib, ularni tebrata boshlaydi. Bu tebranishlar tovush toʻlqinlarini hosil qiladi.
Boʻshashgan ovoz paychalari sekundiga taxminan 80 marta tebranadi va natijada yoʻgʻon tovush hosil qiladi. Agar ular taranglashsa, tez-tez — ehtimol, sekundiga 1000 martagacha tebranib, qisqa tovush toʻlqinlarini, yaʼni ingichka tovushni hosil qiladi. Bolalarning ovoz paychalari qisqa boʻladi. Ular qisqa havo toʻlqinlarini hosil qilgani sababli bolalarning ovozi baland va ingichka. Bola oʻsib ulgʻaygani sari uning ovoz paychalari ham uzayib boradi. Ular uzaygani uchun ovoz ham yoʻgʻonlashadi.
Erkaklarning ovoz paychalari oʻrtacha uzunligi ayollarnikiga qaraganda uzunroq, shuning uchun ham erkak ovozi yoʻgʻonroq. Oʻgʻil bolalarda oʻsish juda tez sodir bo‘lgani uchun hiqildoq ham shunchalik tez oʻzgaradiki, ular bunga koʻnikib, uning ishini nazorat qila olmaydi. Shuning uchun koʻpincha oʻspirinlarning “ovozi doʻrillagan” deymiz. Umuman olganda, kattalarning ovoz balandligi ovoz paychalarining uzunligiga bogʻliq boʻlsa-da, har bir ovoz muayyan bir tembrga tegishli.
Ovozlarni 6 guruhga boʻlish mumkin: erkaklarda bas, bariton va tenor; ayollarda esa alt, metso-soprano va soprano. Inson ovozining xususiyatlari boshqa koʻplab narsalarga, ayniqsa, traxeya, oʻpka, burun-halqum va shunga oʻxshash narsalarga bogʻliq. Chiroyli ovozga ega odamlarda aks-sado beruvchi boʻshliqlar muayyan bir shaklga ega boʻlib, odamlar ular yordamida oʻz ovozlarini qanday boshqarishni biladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.