20.02.2024
XVI asrga qadar kar-soqovlarga juda shafqatsiz munosabatda boʻlishgan. Ularga aqliy rivojlanishga qodir boʻlmagan ovsarlar sifatida qaralgan va ruhiy shifoxonalarga qamalgan yoki hatto oʻldirilgan. Ammo XVI asrda italiyalik shifokor Jerom Kardan kar-soqovlarni yozma tasvirlar yordamida oʻqitish gʻoyasini ilgari surgan. Deyarli 100 yil oʻtgach, uning mehnati natijasida hozirgi paytda ishlatiladigan barmoq alifbosi ixtiro qilingan. Kar-soqov kishi bu alifbodan foydalanib, barmoqlar yordamida harf va soʻzlarni hosil qiladi. Shuningdek, u imo-ishoralar tilidan ham foydalanadi.
Masalan, koʻrsatkich barmoqni lablar boʻylab koʻndalang harakatlantirish “Menga haqiqatni aytmayapsan” degan maʼnoni anglatadi. Uch barmoq bilan iyakka yengilgina urish “amakim” ma’nosini anglatadi. Bu alifbo yordamida baʼzi kar-soqov kishilar bir daqiqada 130 tagacha soʻzni “aytishi” mumkin. Ammo kar-soqovlar bilan shugʻullanuvchi koʻplab oʻqituvchilar imo-ishoralar tili va barmoq alifbosidan foydalanishni eng yaxshi usul deb hisoblamaydi. U kar-soqovlarni faqat oʻziga oʻxshash kishilar bilan muloqot qilishga majbur qiladi. Bu oʻqituvchilar “ogʻzaki taʼlim” deb ataluvchi usuldan foydalanadi. Bu usul yordamida kar-soqovlar ularga aytilayotganni tushunishga va hatto oʻzlari ham gapirishga oʻrgatiladi.
Hozirgi vaqtda koʻplab kar va eshitish qobiliyati past boʻlganlar suhbatdoshining lablariga qarab, u nima soʻzlayotganini tushunishni oʻrganmoqda. Ular lablarni kuzatib va oʻqituvchining ovozini his qilib, soʻngra bu harakatlarga taqlid qilgan holda gapirishni oʻrganadi. Eshitish apparatlari tobora koʻproq qoʻllanmoqda. Kar va eshitish qobiliyati past bolalar uchun maktab va sinflarda jamoaviy eshitish apparatlaridan foydalaniladi. Har bir bolaning shaxsiy quloqchini boʻlib, ovoz kuchi va ohangini sozlash mumkin. Oʻqituvchi mikrofon orqali gapiradi, bolalar esa uni quloqchinlar yordamida radio kabi tinglaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.