20.02.2024
Hammamiz duduqlanadigan odamlarni uchratganmiz. Bunday odamlarni tushunib, ularga hamdardlik bilan munosabatda boʻlish kerak, ammo, afsuski, buni mazax qilish uchun mavzu deb biladigan odamlar, shu jumladan, hazilkashlar ham koʻp. Duduqlanish yoki tutilish nutq aʼzolarida maʼlum bir spazmlar roʻy berganda, toʻsatdan soʻzlarni talaffuz qilish imkonsiz boʻlib, nutqda pauzalar vujudga kelganda sodir boʻladi. Bu koʻpincha ayrim tovushlar tez surʼatda takrorlanganida toʻxtash sodir boʻlishi oqibatida yuzaga keladi.
Duduqlanishning koʻp darajalari mavjud. Baʼzi hollarda bu alohida tovush yoki ular qatnashgan boʻgʻinlarni talaffuz qilishdagi kichik qiyinchiliklardir. Ayrim holatlarda til, tomoq, yuz va hatto nafas olish bilan bogʻliq mushaklar spazmi roʻy beradi. Koʻpchiligimiz bu haqida oʻylamasdan talaffuz etadigan oddiy nutq juda murakkab jarayondir. Buning uchun hiqildoq, yonoq, til va lablar harakati aniq muvofiqlashishi zarur. Bu muvofiqlashish yetarlicha aniqlik bilan amalga oshirilmaganda tutilish paydo boʻladi.
Duduqlanish kamdan-kam hollarda 4–5 yoshgacha namoyon boʻladi. U baʼzi jismoniy buzilishlar yoki kuchli hissiy stress, hayajon oqibatida paydo boʻlishi mumkin. Aftidan, ayrim hollarda duduqlanish har bir boʻgʻinni diqqat bilan talaffuz qilib, sekin oʻqish va gapirishni oʻrganish orqali bartaraf etilishi mumkin. Shuningdek, odamga talaffuz paytida nafasni qanday tartibga solishni ham oʻrgatish kerak.
Alohida qiyinchiliklar tugʻdiradigan tovush va tovushlar kombinatsiyasiga koʻproq eʼtibor qaratilib, koʻp hollarda nuqsonni oʻqish mashqlari yordamida bartaraf etish mumkin. Nima boʻlganda ham, davolanish soha mutaxassislari tomonidan amalga oshirilishi kerak, shuningdek, duduqlanishning hissiy ibtidosi ham jiddiy eʼtibor talab qiladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.