20.02.2024
Agar chapaqay boʻlsangiz yoki ulardan birini tanisangiz, u holda oʻnaqaylar dunyosida yashaganimiz uchun chapaqaylar bu dunyodagi hayotga moslashishi kerakligini payqagandirsiz. Odamlarning 96 foizi oʻnaqay va tabiiyki, hamma narsa — eshik tutqichlari, qulflar, avtomobillar, musiqa asboblari va mashinalardan tortib kiyimimizdagi tugmalar kabi mayda-chuydalargacha boʻlgan barcha narsa oʻnaqaylar uchun moʻljallangan. Ammo shunga qaramay, chapaqay odamlarning aksariyati juda yaxshi yashayotganga oʻxshaydi. Albatta, hayotda koʻp narsalarga erishgan chapaqay odamlarga birmuncha misollar mavjud.
Masalan, dunyoning eng buyuk daholaridan boʻlgan Leonardo da Vinchi va Mikelanjelo chapaqay boʻlgan. Ayrim ota-onalar farzandi chapaqayligidan dili siyoh boʻlib turganda, tibbiyotning aksariyat nufuzli vakillari bolaning bu xususiyatini oʻzgartirishga urinmaslik oqilona qaror deb hisoblaydi. Chap qoʻlning yaxshiroq rivojlangani insonning nuqsoni boʻlmagani sababli bolani koyib yoki jazolab, uni oʻnaqayga aylantirishga harakat qilish kerak emas. Bu tajribali mutaxassislarning fikri.
Xoʻsh, nega odamlarning aksariyat oʻnaqay? Uzoq vaqt davomida biz mashgʻulotlar, urf-odatlar kabi narsalar tufayli oʻnaqaymiz deb hisoblangan. Shuning uchun chapaqaylar hamma narsani boshqalar kabi bajara olmagani sababli ularda birorta muammo bor deb hisoblanardi. Bugungi kunda koʻpchilikning oʻnaqayligi, aksariyat odamlarning miyasi maʼlum bir yoʻnalishda ishlagani sababli ekani maʼlum. Miyaning bir yarmi ikkinchi yarmidan ustunlik qiladi. Miyaning chap yarimshari tananing oʻng yarmi funksiyalarini, miyaning oʻng yarimshari esa tananing chap yarmi funksiyalarini boshqaradi. Aksariyat odamlarda miyaning chap yarimshari ustunlik qilgani uchun ular tanasining oʻng yarmi yanada mahoratliroq va yaxshi rivojlangan.
Oʻng qoʻlimiz chap qoʻlimizga nisbatan yaxshiroq ishlaydi. Chapaqaylarda esa miya teskari yoʻnalishda rivojlangan. Miyaning oʻng yarimshari ustunlik qilgani uchun tananing chap yarmi yaxshiroq ishlaydi. U ham xuddi shunday mahorat bilan yaxshi ishlaydi. Ularning chapaqay ekani tasodifdir. Bunga muammo sifatida qarashning hojati yoʻq.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.