20.02.2024
Siz ega boʻlgan va yer yuzida boshqa hech kimda boʻlmagan va faqatgina oʻzingizga xos narsa bu — barmoq izlaringiz toʻplami! Barmoq izlari nima? Nega u hammada har xil? Terimiz ikki qavat toʻqimadan iborat. Uning qalinroq boʻlgan ostki qismi “korium” deb ataladi. U yupqa poʻst — “epidermis” bilan qoplangan. Sovuq qonli hayvonlarda epidermis koriumni mutlaqo tekis qoplab, “izlar”ni keltirib chiqaradigan burushiqlarni hosil qilmaydi. Ammo sutemizuvchilarda bu ikki teri qatlami bir-biriga zichroq yopishadi. Ostki qatlam — korium epidermis bilan birlashgan butun maydon boʻylab biroz burishadi.
Baʼzi joylarda ostki qatlam yuqori qatlamga kirib, “boʻrtiklar” hosil qiladi, ustki qatlam esa oʻz navbatida unga mos ravishda shaklini oʻzgartiradi. Ikkala qatlam ham bir-biriga juda zich birlashib, yopishadi. Tuban sinflarga mansub hayvonlarda bu “boʻrtiklar” hech qanday naqsh hosil qilmasdan tasodifiy shaklda tarqalib ketgan. Odamsimon maymunlarda ular ustki qatlamning ariqchalari boʻylab bir-biriga parallel ravishda joylashgan. Barchasida bu ariqchalar parallel joylashgani sababli ularning “barmoq izlari” juda oʻxshash. Ammo odamlarda bu chiziqlar muayyan naqsh hosil qiladi.
Ushbu rasmlarni oʻrganish jarayonida ularni tasniflashga urinishlar boʻlgan. Ingliz ser Edvard Genri barmoq izlari tasnifini ishlab chiqqan va uning asosida hozirgi kunda ham butun dunyoda qoʻllanadigan tizim yaratilgan. Bu tizimga koʻra, inson barmoq izlarining barcha chiziqlari naqsh turiga koʻra ilmoqlar, gʻuj halqalar, qoʻsh ilmoqlar, yoylar, yopiq yoylar, spirallar va tasodifiy shakllarga boʻlinadi. Barmogʻingizni siyohga botirib, qogʻozga bossangiz, ushbu naqshlarning ayrimlarini koʻrasiz.
Bu rasmdagi maʼlum nuqtalar orasidagi chiziqlarni hisoblab, oʻnta barmoqning har birini maʼlum bir guruhga kiritish mumkin. Har qanday odamning barmoq izlari xususiyatlarini tavsiflashda oʻnta barmoqning har biri eʼtiborga olinadi. Ikki kishining bir barmogʻidagi chiziqlar naqshi bir xil boʻlishi ehtimoli yigirma toʻrt millionga birdir.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.