20.02.2024
Qushlar patga, sutemizuvchilar junga, odam esa tukka ega. Pat va jun qush va sutemizuvchilarning ularning umumiy ajdodi boʻlgan sudralib yuruvchilarga nisbatan shu qadar rivojlanishini taʼminlagan deb hisoblanadi. Inson tanasida tuk oʻsmaydigan faqat ikkita joy bor: qoʻl va oyoq kafti. Tananing qolgan yuzasidagi tuklar tarixdan ilgarigi ajdodlarimiz ega boʻlgan qalin tuk qoplamasining qoldiqlari hisoblanadi.
Ona qornida boʻlgan odam bolasining tanasi taxminan yuz kunligida qalin yung bilan qoplanadi. Embrional tuklar deb ataladigan bu yung yana yuz kundan keyin toʻkiladi. Yangi tugʻilgan chaqaloqda bu yung qoplamasi yumshoq moʻyga almashadi. Keyinchalik balogʻat yoshida (oʻgʻil bolalarda — 14 yoshda, qizlarda esa 12 yoshda) tuk qoplamasi toʻliq shakllanadi. Voyaga yetgan odamda tuklar oʻsishi jinsiy bezlarning faoliyati bilan tartibga solinadi.
Ayrim gormonlar erkaklar yuzi va tanasida tuklar oʻsishiga olib kelib, shu bilan birga ularning boshda oʻsishini sekinlashtiradi. Ayollar gormonlari esa aksincha taʼsir qiladi. Ilm-fan haligacha tuklar bizga nega kerakligini toʻliq tushuntirib bera olmadi. Biz faqat qosh, kiprik, quloq va burundagi tuklar muhim aʼzolarni chang va hasharotlardan himoya qilishini bilamiz. Tarixdan ilgarigi davrlarda erkaklarning soqoli erkakni ayoldan hatto uzoqdan ham ajratib olishda yordam berib, unga mardona, jangovar ko‘rinish bergan.
Charlz Darvinning fikriga koʻra, tanadagi nozik tuklar ter ajralishiga yordam beradi. Voyaga yetgan erkakning tanasida 300 000 dan 500 000 tagacha tuk boʻladi. Sargʻish sochlilarning tuklari qoramagʻizlarga qaraganda koʻproq, tuklari dagʻal mallasochlarda esa eng kam boʻladi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.