Nega ayrim odamlarning sochi jingalak?

Barchamiz uchun soch haqida hamma narsani bilish juda qiziq. Nega u bunday rangga ega? Soch nega oqaradi? Nega ayrim odamlarning sochi jingalak? Ilm-fan sochimiz bilan bogʻliq barcha savollarga hali javob bergani yoʻq, ammo keling, bizga maʼlum narsalarni koʻrib chiqaylik. Soch ildizidagi hujayralarning ayrim turlari pigmentga ega. Bu hujayralar koʻpayishga qodir va yangi hosil boʻlgan hujayralar oʻsib borayotgan soch tolasi bilan birga yuqoriga koʻtarilib, nobud boʻladi. Ulardagi jigarrangning barcha tuslari — qizgʻish rangdan toʻq jigarranggacha boʻlgan pigment granulalari esa sochlarda qoladi.

Sochni tashkil etuvchi muguz modda sariq rangga ega. Bu modda va pigment granulalari aralashadi. Soch rangi bu aralashma natijasi bilan belgilanadi. Turli odamlarning sochi tuzilishi bilan ham farq qiladi. Agar sochni kesib, uning kesimi mikroskop ostida koʻzdan kechirilsa, u muayyan shaklga ega ekanini koʻrish mumkin. U yumaloq, yassi, oval, elliptik, hatto yarim elliptik va choʻzinchoq boʻlishi ham mumkin. Sochning jingalak boʻlish yoki boʻlmasligi koʻp jihatdan uning kesimiga bogʻliq.

Sochning kesimi qanchalik choʻzinchoq boʻlsa, u shunchalik jingalak boʻladi. U qanchalik yumaloq boʻlsa, soch shunchalik qattiqroq va tekisroq boʻladi. Elliptik va yarim elliptik kesimdagi sochlar odatda qisqa va qoʻzichoq yungi kabi jingalak boʻladi. Bu negroid irqiga mansub odamlarga xosdir. Yumaloq kesimli sochlar ularning aksidir. Ular odatda tekis, uzun va qattiq boʻladi. Oval kesimli sochlar odatda toʻlqinsimon va jingalak yoki ipakdek mayindir.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!