Muvozanat hissi nima?

Bortida odamlar bilan parvoz qilgan kosmik kemalar haqida oʻqigan boʻlsangiz, ehtimol, olimlar hal qilishi kerak boʻlgan muammolardan biri bu — kema tortish kuchiga ega Yerdan uzoqlashgan sari muvozanat hissining tobora yoʻqolib borishi ekanini payqagandirsiz. Muvozanat hissi bu — tananing yaqinidagi hamma narsani oʻziga tortadigan Yerga nisbatan boʻlgan holatiga koʻra turli xil sharoitlarga moslashish qobiliyati. Muvozanat hissisiz qushlar ucha olmagan, odamlar yura olmagan, hech bir tirik mavjudot fazoda harakatlana olmagan boʻlardi.

Odamning ikkita muvozanat aʼzosi boʻlib, ular boshda, quloqlar yonida joylashgan. Ularning har biri xaltachaga oʻxshaydi va limfa deb ataladigan suyuqlik bilan toʻldirilgan. Bu xaltachalarning ichki tomoni tukli sezgir hujayralar bilan qoplangan. Bosh tik holatda boʻlganida, tuklarga har tomondan bir xil bosim taʼsir qiladi, u yoki bu tomonga egilganida esa bosim oʻzgaradi. Bunda sezgir hujayralar taʼsirlanadi va nerv tolalari orqali miyaga impulslar yuboradi. Miya esa tanani engashgan holatdan toʻgʻri, vertikal holatga keltiradigan baʼzi mushaklarni ishga tushiradi.

Shuningdek, muvozanat aʼzolarimiz harakat yoʻnalishini anglashga ham yordam beradi. Tasavvur qiling, biz mashinada sayrga chiqdik. Mashina oldinga harakatlanganda, tanamiz beixtiyor orqaga, oʻrindiq suyanchigʻiga suyanadi. Muvozanat aʼzolarining “yarim doira kanallari”dagi suyuqlik yoki limfa sezgir tuklarni orqaga ogʻdiradi. Natijada ular bilan bogʻliq boʻlgan muayyan nervlar miyaga tegishli signalni yuboradi va oldinga harakatlanayotganimizni his qila boshlaymiz.

Demak, tanamiz orqaga ogʻganda limfa ham u bilan birga harakatlanadi. Birmuncha vaqt oʻtgach, sezgir tuklar tik holatga qaytadi va biz tanamizning oldinga harakatlanayotganini his qilmay qoʻyamiz. Endi esa haydovchi tormozni bosganini tasavvur qilaylik. Tanamiz, u bilan birga muvozanat aʼzolaridagi limfa ham inersiya tufayli oldinga harakatlanishda davom etadi va tuklarni endi oldinga ogʻdiradi. Miyaga tegishli impuls yuboriladi va toʻxtatayotganimizni his qila boshlaymiz.

Har bir muvozanat aʼzosida uchtadan yarim doira kanallari mavjud boʻlib, ularning har biri harakatning fazodagi uch yoʻnalishiga mos keladi. Bu kanallardagi sezgir tuklar biz yuqoriga yoki pastga, oldinga yoki orqaga, oʻngga yoki chapga harakatlanayotganimizni anglashimizga yordam beradi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!