20.02.2024
Mushaklar tananing harakati uchun javobgardir. Harakatlana oladigan har bir suyak unga birikkan va harakatlantiradigan mushaklarga ega. Mushaklar qisqarishi mumkin, yaʼni kaltaroq va qalinroq boʻlib, suyakni kerakli yoʻnalishda tortadi. Ular qisqarganda suyakni harakatga keltiradi. Mushak qisqarganida “charchoq zahari” kabi taʼsir qiladigan sut kislotasini, yaʼni mushaklar charchay boshlashining asosiy sababchisini ishlab chiqaradi. Demak, sut kislotasi mushaklarni tark etgach, ular yana ishlashni davom ettirishi mumkin.
Shu tarzda, kun davomida mushaklarimizdan foydalanib, oʻzimizni sut kislotasi bilan “zaharlaymiz” va charchay boshlaymiz. Tanamizda charchoq hissini keltirib chiqaradigan boshqa moddalar ham mavjud. Ular charchoq toksinlari deb ataladi va organizm tomonidan jismoniy mehnat bilan shug‘ullanganimizda ishlab chiqariladi. Qon bu toksinlarni tana boʻylab tarqatadi va shu sababli nafaqat mushaklar, balki butun tana, ayniqsa, miya charchoqni his qila boshlaydi.
Charchoq, sut kislotasi va toksinlar oʻrtasidagi bogʻliqlikni bir qiziqarli tajriba davomida aniq kuzatish mumkin. It holdan toyib uxlab qolguncha ishlashga majbur qilinadi. Keyin bu itning qoni tetik va bardam boshqa itga quyiladi. Ikkinchi it charchoq his qila boshlaydi va qon quyish jarayonida madorsizlikdan uxlab qoladi! Agar bardam itning qoni madorsiz itga quyilsa, natija teskari boʻlishi mumkin: bu qon charchab, uxlab yotgan hayvonni uygʻotadi. Tanada charchoq hissi paydo boʻlishining ahamiyati nimada?
Tana hujayralari dam olishi zarur. Charchab dam olayotganimizda, tanaga yetkazilgan zarar bartaraf etiladi: miya nerv hujayralarining batareyalari qayta quvvatlanadi, boʻgʻinlar fiziologik suyuqliklar bilan “yogʻlanadi” va hokazo. Baʼzida odam sport mashgʻulotlari paytida toʻsatdan hushidan ketishga yaqin holatga tushib qoladi. U oʻzida holsizlikni his qilib, qiyinchilik bilan nafas oladi. Bu holdan toyish boʻlib, falajga juda oʻxshaydi.
Bunday charchoqning paydo boʻlish sabablari nomaʼlum, ammo bunga oʻxshash holat tanada sut kislotasi va boshqa charchoq toksinlarining haddan tashqari koʻpayishi tufayli yuzaga kelishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.