Et uzilishi, pay cho‘zilishi va momataloq nima?

Koʻchadagi futbol oʻyini paytida yoki mushtlashuvda lat yeyish, et uzilishi yoki pay choʻzilishi mumkin. Bularga nima sabab boʻladi va bu holatda nima qilish kerak? Et uzilishi bu — toʻpiq, tizza yoki bilak kabi boʻgʻimning shikastlanishi. Bunday shikastlanishda boʻgʻimlar choʻzilishi va hatto uzilishi mumkin. Bu odatda boʻgʻimning choʻzilishi, qayrilishi yoki unga katta bosim boʻlishi tufayli yuzaga keladi.

Asosiy alomati — tezda paydo boʻladigan shish. Boʻgʻim harakatlantirilganda ogʻriq yanada kuchayadi, qorayishi ham mumkin. Shikastlanish turi aniqlanmaguncha harakat qilmaslik maqsadga muvofiq, chunki suyak sinishi ham shunga oʻxshash alomatlarga ega. Murakkab turdagi et uzilishini davolash qiyinroq: baʼzida bunga oddiy suyak sinishidan koʻra koʻproq vaqt talab etiladi. Pay choʻzilishi boshqa turdagi shikastlanishdir. Bunda pay yoki mushak shikastlanadi. Bu odatda kuchli zoʻriqish, masalan, ogʻirlikni noqulay holatda koʻtarish tufayli yuzaga keladi.

Pay choʻzilishining belgilari — shikastlangan oyoq-qoʻldagi ogʻriq va uning harakatsizligidir. Bunday jarohat olgan odamga yordam berish maqsadida, avvalo, shikastlangan mushaklar boʻshashishi uchun uni qulay tarzda joylashtirish kerak. Baʼzi hollarda iliq kompress va yengil massaj qon aylanishini yaxshilab, ogʻriqni kamaytirishi mumkin. Shikastlangan joyni pastdan yuqoriga qarab massaj qilish kerak. Zoʻriqqan mushaklarni boʻshashtirish uchun uqalash paytida spirtdan foydalanish mumkin.

Momataloq yoki qontalash — boshqa turdagi yana bir jarohat. Tananing biror qismiga berilgan zarba tufayli teri ostidagi mayda qon tomirlariga zarar yetadi, natijada u yerda qon toʻplanib, shikastlangan joy shishib qorayadi. Momataloqning oldini olish va shishni kamaytirish uchun lattani sovuq suvda hoʻllab bosish mumkin.

Arzimas lat yeyishlarni odatda davolash shart emas. Lat yegan joyda teri shikastlangan boʻlsa, u holda bu joy har qanday ochiq yara kabi yuvib tozalanadi. Ammo, muhimi, sport bilan shugʻullanganda hamda oʻyin paytida et uzilishi va pay choʻzilishi, shuningdek, momataloqlarning oldini olish uchun ehtiyot boʻlish lozim.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!