Artrit nima?

Artrit soʻzi boʻgʻimlar bilan bogʻliq koʻplab kasalliklarga nisbatan qoʻllanadi. Uning ikkita asosiy — yoshga bogʻliq boʻlgan va revmatik artrit turi mavjud. Yoshga bogʻliq artrit tananing qarishi natijasida kelib chiqadi. Revmatik artritning sababi yalligʻlanish boʻlib, odatda tanada baʼzi deformatsiyalarni keltirib chiqaradi. Yoshga bogʻliq artritda harorat koʻtarilmaydi, vazn yoʻqotilmaydi, boʻgʻimlar toʻliq uvushmaydi, tanada qiyshayishlar yuz bermaydi. Boʻgʻimlar yalligʻlanmaydi. Bu yoshga bogʻliq kasallik boʻlib, odatda 40 yoshdan keyin boshlanadi.

Boʻgʻimlardagi “amortizator” vazifasini bajaradigan, yaʼni titrash va zarbalardan himoyaning bir turi boʻlgan togʻay siyqalanadi va sinadi, natijada suyaklarning yuzalari bir-biriga ishqalana boshlaydi. Boʻgʻim harakatlanayotganda uning uvushishi yoki ogʻriq paydo boʻlishi bu kasallikning alomatlaridir. Koʻrsatkich va oʻrta barmoqlarning oxirgi boʻgʻimida shishlar hosil boʻladi. Yoshga bogʻliq artrit koʻpincha ogʻriq va tizza boʻgʻimlarining qiyin harakatlanishi bilan birga keladi. Revmatik artrit esa revmatizm nomi bilan mashhur. Bu kasallikda boʻgʻimlar yalligʻlanadi.

Boʻgʻim suyaklarini bogʻlaydigan boʻgʻim boʻshligʻi shishib, togʻayning ich-ichiga kirib boradi. Shu bilan birga, togʻay ostidagi suyak ham mineral moddalarni yoʻqotib, shaklini oʻzgartiradi. Natijada boʻgʻim asta-sekin harakatchanligini yoʻqotib, oxir-oqibat butunlay qotib qolishi mumkin va odam nogiron boʻlib qoladi. Bu turdagi artritning sababi nima ekanini tibbiyot hali toʻliq aniqlay olgani yoʻq.

Bu borada koʻplab nazariyalar mavjud va ulardan biriga koʻra, artritni infeksiya keltirib chiqaradi. Bu kasallikdan aziyat chekadiganlar uzoq vaqtdan beri ularning azob-uqubatlariga chek qoʻyadigan moʻjizakor dorini orzu qiladi. Ammo hozirgacha ularning orzulari amalga oshmadi. Tibbiyot sohasi mutaxassislari odamlardan bu kasallikning tabiati hali ham nomaʼlum ekani va yordam berayotgan dorilar faqat ularni isteʼmol qilish paytidagina dardni yengillashtirayotganini tushunishlarini istaydi. Dori-darmonlarni qabul qilish toʻxtatilgan zahoti kasallik yana qaytalaydi. Dori boʻgʻimlarning shikastlangan toʻqimalarini tiklay olmaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!