Biz nechta hidni seza olamiz?

Koʻpgina hayvonlar bilan taqqoslaganda, odamning hid bilish qobiliyati unchalik rivojlanmagan. Aslida, evolyutsiya jarayonida odamning hid bilish qobiliyati deyarli butunlay koʻrish sezgilariga bogʻliq boʻlib qolgunga qadar zaiflashib borgan. It esa aksincha, deyarli faqat hid bilish qobiliyati hisobiga yashaydi. Mana, odamning bu borada qanchalik orqada qolganini koʻrsatadigan bir nechta taqqoslashlar. Burnimizning har ikkala tomonida joylashgan, hid bilish qobiliyati uchun masʼul boʻlgan sezgir hujayralar membranasi tirnoq oʻlchamidagi maydonni egallaydi. Agar itdagi bu membrana tekislansa, u it tanasining yarmidan koʻp qismini qoplaydi!

Inson miyasidagi hidlarni farqlaydigan hujayralar uning yigirmadan bir qismini egallaydi. Itning hid bilish qobiliyati miyasining uchdan bir qismi bilan bogʻliq. Albatta, odamning kuchsiz hid bilish qobiliyati boshqa hislar, qobiliyat va imkoniyatlarning yuqori rivojlanishi bilan toʻldiriladi. Hidlar burnimizdagi hid sezish membranasidagi sezgir tuklar tomonidan qabul qilinadi. Bu “antennalar” nafaqat membranadan dikkayib, balki ildizlari bilan uni qoplab turadigan maxsus shilliq qavatga botib ham turadi. Bu membrana har doim nam boʻladi. Agar u qurib qolsa, biz hidlarni sezmaymiz!

Aytgancha, shunchaki nafas olayotganimizda, havo oqimi bu membrana yonidan oʻtmaydi, shu sababli hidni bilish uchun ataylab hidlashimiz — havoni membrana ustidan oʻtkazishimiz kerak. Biror narsaning hidini sezishimiz uchun bu “biror narsa”ni tashkil etuvchi modda zarralari hidlarni qabul qilib oladigan sezgir tuklarni qoplaydigan shilliq qatlamda erishi kerak. Bu moddalarning oʻzi uchuvchi yogʻlar boʻlishi kerak (masalan, gul hidlari) yoki bunday yogʻlar bilan birgalikda tarqalishi kerak (masalan, qahva hidi).

Hid bilish aʼzolarimiz payqashi mumkin boʻlgan hidlarning beshta asosiy turi mavjud. Birinchisi — gullar hidi (binafsha, atirgul va boshqalar). Ikkinchisi — xushboʻy hid (limon, olma va boshqalar). Uchinchisi — qoʻlansa chirindi hidi (pishloq, palagʻda tuxum). Toʻrtinchisi — kuygan hid (qahva, kakao). Beshinchisi esa — efir hidi (alkogol, kamfara¹ va boshqalar).


¹Kamfara — kofur (tibbiyot va texnikada qoʻllanadigan hidi oʻtkir modda va undan tayyorlangan preparat).

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!