Kaloriyalar vaznimizga qanday ta’sir qiladi?

Ortiqcha kaloriyalardan bitta oddiy sababga koʻra semirmaymiz: kaloriyalar hech bir tarzda oziq-ovqat bilan bogʻliq emas! Kaloriya oʻlchov birligi boʻlib, u bilan energiya yoki issiqlik oʻlchanadi. Bir gramm suvni Selsiy boʻyicha bir darajaga qizdirish uchun zarur boʻlgan issiqlik miqdori bir kaloriyaga teng. Tanamiz oziq-ovqatdan oladigan energiyani oʻlchash uchun biz kattaroq birlik — kilokaloriyadan foydalanamiz. Bir kilokaloriya ming kaloriyaga teng. U holda, nega kaloriyalardan semiramiz deyiladi? Umuman olganda, isteʼmol qiladigan ovqatimizni yoqilgʻi bilan taqqoslashimiz mumkin.

Organizm tomonidan oziq-ovqatni hazm qilish jarayoni, aslida oksidlanish reaksiyasi, yaʼni “yonish”dir. Qancha yoqilgʻi isteʼmol qilayotganimiz va tanaga qancha kerakligini bilmoqchi boʻlganimizda, yoqilgʻi miqdorini aniqlash uchun kaloriyadan foydalanamiz! Turli odamlarning hayot faoliyati uchun turli xil miqdordagi kaloriya talab qilinadi. Ammo baʼzi umumiy qoida yoki talablarni belgilash mumkin. Masalan, oʻrtacha katta yoshdagi kishiga kunlik 2000–3000 kaloriya talab qilinadi.

Ammo fabrikadagi ishchi juda koʻp energiya sarflagani uchun bu miqdor 3000–4000 kaloriya ham boʻlishi mumkin. Sportchi va daraxt kesuvchilar haqida esa nima deyish mumkin! Ularga kuniga 4000 yoki undan ortiq kaloriya talab qilinadi. Bolalar kattalarga qaraganda koʻproq energiya sarflaydilar. Keksa odamlarga kamroq kaloriya yetarli, chunki ular hayotining dastlabki bosqichlaridagi odamlar kabi yoqilgʻini osonlikcha “yoqolmaydi”. Ochiq havoda ishlaydiganlar uchun xonada ishlaydiganlarga qaraganda koʻproq kaloriya talab qilinadi.

Keling, endi zarur boʻlganidan koʻproq, yaʼni kun davomida ishlatiladiganidan ortiq kaloriya olganimizda nima boʻlishini koʻrib chiqaylik. Tana foydalanmagan “yoqilgʻi” kelajakda foydalanish uchun yogʻga aylantirilib, saqlab qoʻyiladi! Aynan shuning uchun odamlar kaloriya miqdori haqida qaygʻuradi. Agar isteʼmol qilinayotgan kaloriya miqdorini kamaytirmoqchi boʻlsangiz, buni shakar, yogʻ va kraxmal hisobidan amalga oshiring.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!