Vitaminlarni maxsus qabul qilish shartmi?

Vitaminlar — oziq-ovqat tarkibidagi moddalar guruhi. Ular organizmning faoliyati va salomatligi uchun kerakdir. Tabiiyki, shu sababli koʻpchilikda kerakli vitaminlarni yetarli miqdorda olayapmanmi degan savol tugʻiladi. Tananing vitaminlarga boʻlgan ehtiyoji juda oz miqdorda boʻlishiga qaramasdan, odamlarning bu haqida tashvishlanishi asossiz emas. Bu ularning ovqatlanish tartibi, yaʼni ular qabul qiladigan oziq-ovqatga bogʻliq.

Turli xil oziq-ovqatlarni isteʼmol qiladigan kishi bugungi kunda maʼlum boʻlgan barcha vitaminlarni (D vitamini bundan mustasno) oladi. Muammo shundaki, baʼzi odamlar oziq-ovqat tanloviga yetarlicha eʼtibor bermaydi, uni xilma-xillashtirmaydi va kerakli vitaminlarga ega asosiy ovqatlarni isteʼmol qilmaydi. Sarlavhadagi savolga javob mana shu: toʻgʻri ovqatlanganda vitaminlarni maxsus qabul qilish shart emas.

Gap shundaki, vitaminlarning aksariyatini tana oʻzida toʻplay olmaydi, shu bois shunchaki ularning keragidan ortiq qismidan xalos boʻladi. Hatto ayrim vitaminlarning juda katta miqdori zararli hamdir. Bu tabletka yoki kapsulalarda qabul qilinadigan A va D vitaminlariga taalluqli. Qaysi oziq-ovqat mahsulotlarida qanday vitaminlar mavjud? Quyida ular haqidagi umumiy maʼlumotlar beriladi.

Koʻz, teri, tish va suyaklar uchun foydali boʻlgan A vitamini sabzavot (koʻkat va ildizmevalar), meva, tuxum, jigar va yogʻda mavjud.

Asab tizimi va ovqat hazm qilish aʼzolari uchun foydali, baʼzi kasalliklarning oldini oladigan B1 vitamini yirik tortilgan bugʻdoy unidan tayyorlangan non, boʻtqa, choʻchqa goʻshti va jigar tarkibida bor.

B2 sut, koʻkat va yogʻsiz goʻshtda mavjud.

Tana toʻqimalari, suyak va tish uchun foydali boʻlgan C vitamini sitrus mevalar, pomidor va xom karamda bor.

D vitamini sutda mavjud, shuningdek, quyosh nurlari taʼsirida tanada ham ishlab chiqariladi. Tana uchun juda muhim va zarur boʻlgan bir nechta vitaminlar haqida shularni aytish mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!