Organizmga C vitamini nega kerak?

Bu savolga javobni biroz gʻalati tarzda boshlaymiz. Bir paytlar Britaniya dengiz floti dengizchilarini “limi” (“limon” soʻzidan) deb atashganini bilarmidingiz? XVII asrning boshlarida East India kompaniyasi ingliz kemalarini meva bilan taʼminlashni, dengizchilarga esa har kuni bir donadan limon berishni boshlagani sababli ularga shunday laqab qoʻyilgan.

Singa ( vitamin yetishmasligi tufayli yuz beradigan darmonsizlik, tish milklarining boʻshashi, qonashi va tish toʻkilishi bilan xarakterlanadigan kasallik) deb ataladigan dahshatli kasallikning oldini olish uchun limon tarqatilgan. Bu kasallik yuzlab yillar davomida dengizchilarni vahimaga solgan. Bu odamlarni uzoq vaqt davomida yangi sabzavot va mevalarsiz qolib, konservalangan oziq-ovqat isteʼmol qilishga majbur boʻlganda zarar yetkazgan. Limon suvi yoki sharbati bu kasallikning oldini olgan. Shubhasiz, bu sharbatda inson tanasining normal faoliyati uchun kerakli narsa boʻlgan. Bugungi kunda biz uning C vitamini yoki askorbin kislotasi ekanini bilamiz.

Xoʻsh, nega yetarli miqdorda ovqatlangan dengizchilar oziq-ovqatdan C vitaminini olmagan? Chunki C vitamini yuqori harorat, havo taʼsirida va saqlash mobaynida parchalanadi. Mahsulotlarni eski usullar bilan yigʻish va saqlash paytida ulardagi C vitamini butunlay parchalanib ketgan.

C vitamini bilan bogʻliq yana bir muammo bor. Deyarli barcha sutemizuvchilar oʻz jigarida C vitaminini ishlab chiqarishga qodir va shuning uchun ular mazkur vitamin tanqisligidan azob chekmaydi. Ammo odam, odamsimon maymun va dengiz choʻchqasi oʻz tanasida C vitamini ishlab chiqara olmaydigan yagona sutemizuvchilardir. Shuning uchun ular bu vitaminni oziq-ovqat bilan olishi kerak. Tana uchun bu vitaminning kerakli miqdorini toʻplash juda qiyin: u faqat kichik dozalarda toʻplanishi mumkin va bu tana ehtiyojidan kamroqdir.

C vitaminining kerakli zaxiralari doimo toʻldirilib borilishi kerak. Apelsin, limon, greypfrut, mushk qovun va qulupnay bu vitaminga boydir. Albatta, koʻpchilik bu vitaminning oziq-ovqatdagi tanqisligini qoplash uchun ularni tabletkalar koʻrinishida ichadi. Barcha kerakli vitaminlarni toʻgʻri ovqatlanish natijasida olish yaxshidir, ammo ularning yetarli emasligini his qilsangiz, vitaminlarni har qanday shaklda qabul qilishni boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!