Qon saqlanadigan joy qanday ishlaydi?

Koʻpgina shifoxonalarda qon saqlanadigan joylar mavjud. Ularda barcha turdagi qon saqlanadi. Quyish uchun qon kerak boʻlganda, u yerdan olinadi. Bu zaxiralar oxirlab borganda, ularni toʻldirish uchun sogʻlom odamlar qon topshiradi. Qon sovuq haroratda uch haftagacha saqlanishi mumkin. Uning ivishi oldini olish uchun kimyoviy modda — natriyli limon kislotasi qoʻshiladi. Qon quyish odatda kuchli qon yoʻqotish holatlarida ularning oʻrnini toʻldirish uchun amalga oshiriladi. Bu jarrohlik operatsiyalari, baxtsiz hodisalar paytida va baʼzi kasalliklar natijasida sodir boʻlishi mumkin.

Baʼzida qon quyish uchun faqat uning tarkibiy qismlari ishlatiladi. Koʻpincha qonning faqat suyuq qismi — plazma kerak boʻladi. Odatda u ogʻir kuygan odamga quyiladi. Ogʻir kuyish oqibatida koʻp miqdordagi qon plazmasi yoʻqotiladi. Kamqonlikning ayrim hollarida faqat qizil qon tanachalari quyiladi. Bu kasallikka chalingan odamning qonida ularning yetishmovchiligi yoki bu tanachalar juda kam gemoglobinga ega boʻladi.

Qon quyishda odam oʻziniki bilan bir xil guruhdagi qonni oladi. Aks holda noxush reaksiya roʻy berishi mumkin. Har ehtimolga qarshi xavsizlikni taʼminlash maqsadida quyish uchun tayyorlangan qon bilan uni olishi kerak boʻlgan odam qoni muvofiqligi tekshiriladi. Oldindan tayyorlangan qonni quyish birinchi marta amerikalik shifokor Osvald Robertson tomonidan amalga oshirilgan. Shifokor bundan 1918-yilda, Birinchi jahon urushi paytida yaralangan askarlarni davolashda foydalangan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!