Taloq nima?

Tanamizda biz haligacha kam biladigan va vazifalari hali toʻliq oʻrganilmagan aʼzo borligiga ishonish qiyin. Bu aʼzo — taloq. Taloq haqida keng tarqalgan bir latifa mavjud. Tibbiyot fanidan imtihon olayotgan professor talabadan taloqning funksiyalarini sanab berishni soʻraydi. Talaba: “Kechagina ularni bilardim, hozir esa hamma narsa xayolimdan koʻtarildi”, — deb javob beradi. Buni eshitgan professor: “Bu juda ham qaygʻuli! Nihoyat taloq haqida hech boʻlmaganda biron narsani biladigan odam topilgandi, lekin u ham hamma narsani unutib qoʻyibdi!”, — deb xitob qiladi. Albatta, bu hazil, ammo maʼlum darajadagi mubolagʻa bilan taloq bizning eng sirli aʼzolarimizdan biri ekanini koʻrsatadi.

Masalan, bolalik davrida taloq qon hosil boʻlishida qandaydir rol oʻynashi, bezgak va kamqonlik kabi qon va ilik kasalliklariga qarshi kurashishi maʼlum. Ammo shu narsa qizikki: taloq tanadan olib tashlansa ham hayot uchun zarur bu jarayonlar baribir davom etadi. Boshqa aʼzolar taloqning funksiyalarini oʻz zimmasiga olishi mumkin degan taassurot uygʻonadi. Taloq — qorin boʻshligʻida, oshqozon yonida joylashgan, ammo ovqat hazm qilish tizimiga aloqasi boʻlmagan katta aʼzo. U koʻproq qon aylanish tizimiga tegishli boʻlib, umuman olganda tananing boshqa istalgan qismida joylashishi mumkin edi.

Sogʻlom odam qonida bir soniyada 10 000 000 ga yaqin qizil qon tanachalari parchalanadi. Ular yangilari bilan almashtirilishi kerak va bunda uch xil organ ishtirok etadi. Birinchisi — ilik, ikkinchisi, jigar va, uchinchisi, taloq. Favqulodda vaziyatda kerak boʻlishi mumkin ortiqcha qizil tanachalar boshqa aʼzolarda boʻlgani kabi taloqda ham saqlanadi. Eskirgan va yaroqsiz qizil tanachalar taloqqa tushib, u yerda parchalanadi.

Limfotsitlar deb ataladigan oq tanachalar taloq va ilikda hosil boʻladi. Kutilmagan katta qon yoʻqotish roʻy bersa, taloq bu yoʻqotishlarni qoplash uchun katta miqdorda qizil tanachalarni chiqaradi. Koʻrib turganimizdek, taloq organizm faoliyatida juda muhim rol oʻynaydi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!