20.02.2024
Koʻz tanamizdagi eng gʻaroyib aʼzolardan biridir. Bu yorugʻlik nurini kiritish uchun sozlanadigan teshikka, koʻrish uchun yorugʻlik toʻlqinlarini fokuslaydigan linza — koʻz gavhariga va bu tasvirlar muhrlanadigan sezgir plyonkaga ega fotokameraga oʻxshash narsa. Ammo bu yerda qanday qilib koʻrishni muhokama qilmaymiz, balki biroz koʻzning tuzilishi haqida gaplashamiz. Uning shakli deyarli mukammal ravishda yumaloq boʻlib, koʻzning ichki qismiga yorugʻlik oʻtkazadigan joyi biroz qavariqdir. Bu qavariq shaffof muguzparda bilan qoplangan. Koʻzga tushgan yorugʻlik nurlari unda sinib, yoʻnalishini oʻzgartiradi. U koʻzni himoya qilgani sababli juda sezgirdir. Unga tushgan chang yoki kirni darhol sezamiz va begona zarralarni imkon qadar tezroq olib tashlashga harakat qilamiz.
Toʻrparda fotoplyonka vazifasini bajaradi. U oʻnta juda nozik hujayra qatlamidan iborat boʻlib, koʻzning butun ichki qismini qoplaydi. Yorugʻlik kirishini tartibga solish uchun koʻzning rangdorpardasi va qorachiq mavjud. Koʻzning rangdorpardasi koʻzdagi rangli doira, qorachiq esa uning markazidagi qora nuqta. Qorachiqning kattaligi, yorqin nurda teshikni igna koʻzining oʻlchami qadar toraytiradigan va gʻira-shirada, aksincha, uni kengaytiradigan rangdorparda tomonidan tartibga solinadi. Rangdorparda va qorachiqning shundoq orqasida lupa linzasiga juda oʻxshash koʻzgavhari joylashgan. Gavhar elastik boʻlib, biz koʻrayotgan buyumga qadar boʻlgan masofaga koʻra moslasha oladi. Yorugʻlik nurlari toʻrpardada fokusga tushishi uchun aynan gavharda sinadi.
Kishining koʻziga qarab, dastlab uning rangdorpardasi rangini koʻramiz. U yorugʻlikdan himoyalanish uchun rang beruvchi pigmentga ega. Pigmentning katta qismi rangdorpardaning orqa qismida joylashgan boʻlib, uning old qismida deyarli umuman yoʻq. Koʻzning ustki qobigʻi shaffof boʻlib, nur spektrining qizil va sariq toʻlqinlarini yutgani sababli pigmentdan iborat qismdan aks etgan nur moviyrang boʻlib koʻrinadi.
Moviyrang shunchaki rangdorparda orqa qismidagi pigmentning aksidir. Agar yillar davomida rangdorpardaning ustki qismi tomonidan pigment ishlab chiqarilmasa, koʻz moviyrangda boʻlib qolaveradi. Ammo ustki qismda pigment shakllana boshlasa, u holda parda jigarrangga aylanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.