20.02.2024
Quyosh nuri ham har qanday issiq jismdan keladigan yorugʻlik kabi oq nur deb ataladi. Ammo Nyuton birinchi boʻlib koʻrsatib berganidek, oq nur aslida turli rangdagi nurlarning birikmasidir. Agar yorugʻlik nuri shisha prizma orqali oʻtkazilsa, kamalakning barcha ranglari — qizil, toʻq sariq, sariq, yashil, moviq, koʻk va binafsharanglarni koʻrish mumkin. Har bir rang ravon tarzda keyingisiga oʻtadi. Ranglarning bunday taqsimlanishi nur spektri deb ataladi. Bu ranglar quyosh nurida ham bor, lekin ularni prizma orqali oʻtgan yorugʻlik taqsimlanganida koʻrish mumkin.
Har bir rang turli tarzda: qizil — eng kam, binafsha — eng koʻp sinadi. Bu taqsimlanish dispersiya deb ataladi. Dispersiyasiz bu ranglar birikmasi koʻz tomonidan oq rang oʻlaroq qabul qilinadi. Rang yorugʻlik toʻlqinining uzunligi (suvdagi toʻlqinning bir oʻrkachidan ikkinchisiga qadar boʻlgan masofa kabi) bilan belgilanadi. Koʻrinadigan eng qisqa yorugʻlik toʻlqini — binafsharang, eng uzuni esa — qizil.
Atrof-muhitdagi biz koʻradigan ranglarning aksariyati bitta toʻlqindan emas, balki turli uzunlikdagi toʻlqinlar birikmasidan iborat. Oq nur biron narsaga tushganda, yorugʻlik toʻlqinlarining bir qismi undan aks etadi va bir qismi jism yasalgan material tomonidan yutiladi. Masalan, qizil mato spektrning qizil qismiga oid ayrim toʻlqinlardan tashqari deyarli barcha yorugʻlik toʻlqinlarini yutadi. Bu materialdan aks etadigan yagona toʻlqin boʻlgani uchun koʻzimiz uni qizil rangda deb qabul qiladi.
Demak, rang — yorugʻlikning xususiyati. U yorugʻlikdan alohida mavjud boʻlmaydi. Biz koʻradigan barcha ranglar biron jismdan aks etgan va koʻzimizga kirib borgan yorugʻlik nurlaridir. Barcha jismlarni ulardan aks etgan yorugʻlik tufayli koʻramiz va biz koʻradigan ranglar yorugʻlikning aks etgan shakli boʻlib, ular jismning oʻziga xos emas.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.