Ko‘rlikka nima sabab bo‘ladi?

Dunyoda kamida 14 000 000 nafar koʻzi ojiz inson yashashini bilarmidingiz? Koʻrlikning koʻp darajasi boʻlgani uchun uni taʼriflash qiyin. Baʼzi odamlar hatto yorugʻlikni ham koʻrmaydi. Boshqalar esa faqatgina yorugʻlikni zulmatdan ajrata oladi. Yana birilari har qalay maʼlum foiz koʻrish qobiliyatiga ega. Yer yuzidagi barcha koʻzi ojizlarning faqat kichik bir qismigina tugʻilganidan beri koʻrdir. Bu holat tugʻma koʻrlik deb ataladi. Uning sabablari hali toʻliq aniqlanmagan. Tugʻilgandan keyin paydo boʻladigan koʻrlik asosan koʻz kasalligi natijasidir. Diabet yoki meningit kabi umumiy tana kasalliklari ham koʻproq koʻrlikka olib kelishi mumkin. Avariya va portlashlar koʻrlikning yana ikki sababidir.

Yaxshi tibbiy xizmat va yuqori turmush darajasi tufayli oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi yuqori boʻlgan mamlakatlardagi keksalarning koʻrish aʼzolarida koʻpincha baʼzi oʻzgarishlar roʻy beradi. Katarakta va glaukoma rivojlanishi mumkin. Katarakta koʻrlikning eng keng tarqalgan sabablaridan biridir. Katarakta bu — koʻz gavharining xiralashishi. Yorugʻlik nurlari oʻtadigan va koʻzning shaffof qismi boʻlgan gavhar xiralashib, u orqali faqat juda kuchli va yorqin yorugʻlik nurlari oʻtishi mumkin. Natijada koʻrish sezilarli darajada yomonlashadi. Kataraktani faqat jarrohlik yoʻli bilan bartaraf etish mumkin.

Glaukomada koʻz soqqasi qattiqlashishi oqibatida koʻz ichidagi bosim oshishi sodir boʻladi. Hozirgi kunda oʻz vaqtida aniqlangan glaukomani davolashga qodir dori-darmonlar mavjud. Koʻrish qobiliyati yoʻqolishining asosiy sabablaridan biri — traxoma. Bu koʻz qovoqlarining ichki qismi, shuningdek, muguzpardadagi qon tomirlariga shikast yetkazuvchi virus sababchi boʻladigan yuqumli kasallikdir. Natijada odam koʻr boʻlib qolishi mumkin. Hozirgi vaqtda traxoma antibiotiklar bilan davolanmoqda, ammo u hali ham Yevropa, Afrika va Osiyoning baʼzi hududlarida keng tarqalgan kasallik boʻlib qolmoqda.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!